Baxtiyor Saidov xitoylik mavqedoshi bilan uchrashdi
Olam
−
25 aprel
5078Bugun, 25 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘istonning Olmaota shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari yuzasidan ochiq va atroflicha fikr almashilgan.
“Suhbatimiz savdo, transport-logistika aloqalari, mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro hamkorlik kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oldi”, deb yozadi Saidov.
Shuningdek, Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning taraqqiyotini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, barqaror, farovon va o‘zaro bog‘langan mintaqani barpo etishga qaratilgan umumiy intilishlari uchun Xitoy tomoniga minnatdorlik bildirgan.
“Ikki tomonlama aloqalarimizdagi yuqori dinamikani davom ettirishga kelishib oldik”, deya yozgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Szyanchao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
LiveBarchasi