Baxtiyor Saidov Falastin Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi
Olam
−
21 avgust 2023
3190Bugun, 21 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Toshkentda falastinlik mavqedoshi Riad Malki bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Asrlar davomida shakllangan tarixiy rishtalarimiz ko‘plab yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston va Falastin bozorlarini kashf qilishda ikki mamlakat ishbilarmonlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deb yozgan Baxtiyor Saidov.
Bildirilishicha, Tashqi ishlar vazirlarining keng qamrovli uchrashuvidan so‘ng vazirliklar o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida Bayonnoma imzolangan. Unda munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari, erishiladigan aniq maqsadlar va asosiy qadamlar belgilangan.
“Ishonchimiz komilki, ushbu hujjat o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim o‘rin egallaydi”, deydi O‘zbekiston TIV rahbari.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Isroil-Falastin mojarosida betaraf qolib, har ikki mamlakat bilan ham aloqa qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda ekanini bildirgandi. O‘zbekiston TIV bayonotida Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar hamda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etilishi lozimligi qayd etilgandi. Shu yilning may oyida esa O‘zbekiston hukumati a’zosi 25 yil ichida ilk bor Isroilga tashrif buyurdi. O‘shanda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev yahudiy davlatiga borib, u yerda Energetika vaziri Isroil Kats va Qishloq xo‘jaligi vaziri Avi Dixter bilan uchrashgan. Isroil hukumati Hamroyevning tashrifiga katta ahamiyat bergan, chunki bu O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi a’zosining 1997 yildan buyon ushbu mamlakatga birinchi tashrifi bo‘lgan.
LiveBarchasi