Tramp turnesi: BAA AQSHga 1,4 trln dollar sarmoya kiritadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘n yil ichida AQSHga 1,4 trillion dollar sarmoya kiritishini aytdi. Bu haqda u kecha, 15 may kuni Abu Dabidagi Al Vatan saroyida BAA Prezidenti Muhammad bin Zayd Ol Nahayon bilan uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida so‘z ochdi.

Tramp BAAga keyingi o‘n yil ichida AQSHga 1,4 trillion dollar sarmoya kiritadigan bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirdi. Tramp bu sarmoyalarning sun’iy intellekt va kompyuter fanlari sohalarini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH iqtisodi Prezident sifatidagi birinchi muddatida yaxshi holatda edi va hozirgi muddat davomida yanada yaxshi bo‘ladi.

“Siz boy davlatsiz, o‘z tanlovingizni qila olasiz, lekin bilamanki, bizdan hech qachon voz kechmaysiz”, dedi Tramp Ol Nahayonga AQSH va BAA munosabatlari yaxshilanishiga ishonch bildirib.

Ol Nahayon Trampga BAA va AQSH o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun milliy nishonni topshirdi.

Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi

Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan Tramp 13-16 may kunlari mazkur mintaqada bo‘ladi. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi. 

Shuningdek, Tramp va Qatar hukumati o‘rtasida 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risida kelishuvni ham o‘z ichiga oladi.  

Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan paytda Tramp Suriyaga qarshi barcha AQSH sanksiyalarini bekor qilishini e’lon qildi. Bu qaror ijtimoiy va diplomatik doiralarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Tramp, shuningdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va uni Isroilni tan olish va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga da’vat etdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp BAA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing