Ba’zi davlatlardagi kabi qizlarimiz oila qurmaslikni istashini xohlamaymiz — Tanzila Norboyeva

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hozirda o‘g‘il bolalar uchun o‘rtacha turmush qurish yoshi 26−27 yosh, qizlar uchun esa 23−24 yosh. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva BMT axborot xizmati muxbiri Nargis Shekinskayaga bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Mamlakatimizda avvallari qizlar uchun nikoh yoshi 17 yosh, o‘g‘il bolalar uchun esa 18 yosh deb belgilangan edi. Ammo bir necha yil avval biz qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritib, qizlar uchun yoshni 18 yoshga oshirdik”, deydi Norboyeva.

Uning aytishicha, oldin hokimlar va mahalliy hokimiyat organlariga muayyan sharoitlarda nikoh yoshini pasaytirishga ruxsat berilgan. Ammo hozir bu masala qayta ko‘rib chiqilmoqda. Senat raisiga ko‘ra, nafaqat qonunchilik, balki odamlarning tafakkuri ham o‘zgarmoqda. 

“Qizlarning ota-onasida qizlarga yaxshi ta’lim yoki kasb-hunar berish shart emas, baribir u boshqa oilaga ketadi, degan fikr bo‘lgan. Bu stereotip odamlarning tafakkurida ildiz otgan, biroq so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarmoqda, odamlar muvaffaqiyatli ayollarni ko‘rib, ayollarning erkaklar bilan teng mehnat qilishi va o‘qishi mumkinligi aks etgan misollarini ko‘rishmoqda”, deb qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan bir qatorda, Norboyeva ayrim rivojlangan mamlakatlardagi kabi qizlar turmush qurmaslik, oila qilmaslikni istashini xohlamasligini ta’kidladi. 

“Biz 20 dan 30 gacha bo‘lgan yoshni oila qurish va farzand ko‘rish uchun eng maqbul deb hisoblaymiz. Davlatimiz esa bu yo‘nalishda ish olib bormoqda”, deydi Senat raisi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq  Tanzila Norboyeva BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etib, qator tashabbuslarni ilgari surgandi. Shuningdek, u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing