Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinadi
Jamiyat
−
22 aprel 2767 1 daqiqa
Buxoro viloyatida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu haqda kecha, 21 aprel kuni qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida keltirilgan.
Farmonga ko‘ra, Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish ushbu markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazildi. U islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Shuningdek, farmon asosida Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi. Muvofiqlashtiruvchi kengash ushbu sohalardagi barcha jarayonlarni muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi. Kengash quyidagi tashkilotlarning ta’lim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi:
- O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
- Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
- Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
- O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
- boshqa diniy-ma’rifiy muassasalar.
Bundan tashqari, Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati takomillashtirilib, uning tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislar kuzatuvchi sifatida kiritiladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr