Mirziyoyev Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga bordi
Jamiyat
−
31 may 2024
8539Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 31 may kuni Buxoro viloyatiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Tashrif xayrli amaldan - Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duo o‘qildi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy asliyat tiklanmoqda. Ziyorat chog‘ida ushbu ishlar ko‘zdan kechirilgan.
Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak tiklangan. Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga sunnatga muvofiq qibla tarafdan yurib boradi.
"Yuz yil vayron bo‘lib yotgan bu darvozani tiklaganimiz - o‘zlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasi. Endi bu yerdagi har bir obidaga, xonlar dahmalariga bitiklar yozib qo‘yish kerak. Ziyoratga kelganlar qadamma-qadam tarixni o‘rganib, ma’naviy ruh olib o‘tsin", degan Shavkat Mirziyoyev.
Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Yo‘qolib borayotgan Doniyolbiy madrasasi tiklanmoqda.
Olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur o‘rganish haqida fikr almashildi. Chet davlatlardan manbalarni olib kelish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mutasaddilarga shularni qamrab olgan holda, olimlarning takliflari asosida qaror ishlab chiqish topshirildi.
LiveBarchasi