Bahodir Jalolov ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi
Sport
−
11 avgust 2024
124972024 yilgi Parij yozgi Olimpiada o‘yinlari tugashiga oz fursatlar qoldi. Fransiyada o‘tayotgan ushbu sport musobaqalarining boks bahslarida +92 kg vaznda o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov raqibi, Ispaniya sharafini himoya qilayotgan Ayyub Gadfaga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz kechgan final bahsida Bahodir Jalolov raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni hisoblangan Jalolov shu tariqa Parij Olimpiadasida ham oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Finalgacha bo‘lgan yo‘lda 30 yoshli Jalolov Norvegiya, Avstraliya va Germaniya vakillarini mag‘lubiyatga uchratgandi.
Jalolovning g‘alabasi hisobiga O‘zbekiston delegatsiyasining turnirda jamg‘argan medallari soni 13 taga yetdi. 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza.
Bungacha bokschilardan Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg), Lazizbek Mullojonov (92 kg), Abdumalik Halokov (-57 kg) hamda taekvondochi Ulug‘bek Rashidov (-68 kg) va dzyudochi Diyora Keldiyorova (52 kg), bundan tashqari erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston bayrog‘i ostida chiqqan asli dog‘istonlik Razambek Jamalov (-74 kg) Olimpiada chempionligini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bahodir Jalolov Parij Olimpiadasi nihoyasiga yetgach, havaskor boksni butkul tark etib, bor e’tiborini profboksga qaratishi haqida xabar berilgandi. Jalolov profboksda 14 ta jang o‘tkazib, barchasida muddatidan avval g‘alaba qozongan. U oxirgi marta profringda 2023 yil 17 noyabrda JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga ko‘tarilib, birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratgandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar