25 noyabr. O‘zbekiston va dunyoda qanday yangiliklar yuz berdi?

Jamiyat

image
Yakuniga yetayotgan 25 noyabrda O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim, eng sara voqea-hodisalarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Qashqadaryoda qidirilayotgan xavfli jinoyatchi Toshkent viloyatida ushlandi

Qashqadaryoda o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etib, qidiruvda bo‘lgan shaxs Toshkent viloyatida qo‘lga olindi. U 15 yilga qamalgan. Bu haqda Ichki ishlar Bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 23 noyabr kuni O‘rtachirchiq tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan bir yildan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan. 

Ma’lum bo‘lishicha, u 2020 yilning sentyabr oyidan boshlab Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan qidiruvda bo‘lgan. Ushlangan vaqtida fuqaro Sh.Sh. qochishga uringan va ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan. 

Xorazmda viloyat “zamhokim”i boshchiligidagi tenderda uning ukasi g‘olib bo‘ldi

Xorazmda 20,4 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasiga berilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot xizmati rahbari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yilning 6 oyida 461,3 mlrd. so‘mlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish ob’ektlarida o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida Xorazm viloyatida viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligidagi qiymati 20,4 mlrd. so‘mlik “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” ob’ekti o‘rganilganida tender g‘olibi bo‘lgan tashkilot ta’sischisi Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari va tender komissiyasi raisining yaqin qarindoshi,  ya’ni tug‘ishgan ukasi ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Qashqadaryoda ayol yollagan jinoiy guruh uning erini 44 marta pichoqlab o‘ldirdi

Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida sevgilisi bilan qochib ketish uchun uyidagi pullarni o‘g‘irlash maqsadida jinoiy guruh yollab, erining o‘limiga sababchi bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Shahrisabz tumani, Shakarteri qishlog‘ida yashovchi tadbirkor H.M. 26 martga o‘tar kechasi jinoiy guruh a’zolari tomonidan o‘ldirib ketilgan.

Tergov jarayonida H.M.ning turmush o‘rtog‘i uning U.S. ismli erkak bilan ishqiy munosabatidan xabar topganini bilib qolgani aniqlangan. Shu sababli ayol oilada yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli uyida saqlanayotgan pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, qochib ketish rejasini tuzgan va U.S.ga ishonchli odamlarni topib, bosqinchilik qilish topshirig‘ini bergan.

Andijonda xotinining burnini tishlab, uzib olgan er qamaldi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida xotinining burnini tishlab, uzib olgan erkak uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Zamon” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 29 iyun kuni erkak qaynotasining uyida xotini bilan janjallashib qolgan. Mojaro davomida xotining burnini tishlab, uzib olgan va voqea joyidan qochib ketgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 2020 yil 28 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, ayolda burun uchi va o‘ng tomon burun qansharida tishlangan, yirtilgan va uzilgan jarohati (nuqson) mavjudligi, qayta tiklov operatsiyasiga muhtojligi, bir necha bosqichli operatsiya  o‘tkazish zarurligi, undan keyin ham qayta tiklangan burun uchi va qanotlarida chandiqlar qolishi aniqlangan.

O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik GES qurilishi uchun Pskom daryosi to‘sildi

Bugun, 25 noyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan yirik “Pskom GES”ining 1-to‘siq darvozasi yopildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning tabiiy suv oqimlari va suv xo‘jaligi ob’ektlarida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi gidroelektrostansiyalar qurish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri “Pskom GES” hisoblanadi. Mazkur GES yirik ob’ektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km yuqorida joylashgan.

Olam

Lira qadrsizlanishi: Istanbulda 40 dan ortiq kishi hibsga olindi 

Turkiyada Istanbul politsiyasi lira qadrsizlanishi ortidan namoyishlarga chiqqan 40 dan ortiq kishini hibsga oldi. Bu haqda “Duvar” portali xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Istanbulning Kadiko‘y tumanida hukumat iste’fosini talab qilib shiorlar bilan chiqqan namoyishchilarga qarshi politsiya suv purkagan. Namoyishchilar Istanbulning Avjilar va Bakirko‘y tumanlarida ham to‘plangan. Politsiya miting o‘tkazilishi rejalashtirilgan maydonni to‘sib qo‘ygan. 

WP: AQSH Rossiyani “Gavana sindromi” oqibatlaridan ogohlantirgan 

Avvalroq, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns joriy yilning 2 va 3 noyabr kunlari Moskvaga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.

Ta’kidlanishicha, Berns tashrifi chog‘ida, agar Rossiya razvedka xizmatlari “Gavana sindromi” deb ataladigan voqealarga aloqador bo‘lgan bo‘lsa, “oqibatlar” haqida Rossiya Federatsiyasini maxfiy ravishda ogohlantirgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor AQSH rasmiylariga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar bergan.  

Qayd etilishicha, Berns bu masalani Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati va Tashqi razvedka xizmati vakillari bilan uchrashuvlarida ko‘targan. Shu bilan birga, uning murojaatida Rossiyaga qarshi hech qanday ayblovlar mavjud bo‘lmagan. 

“Delta”dan yomonroq: koronavirusning yangi xavfli shtammi aniqlandi 

Buyuk Britaniyalik olimlar koronavirusning yangi shtammini aniqladi, u hozirda ma’lum bo‘lgan turlardan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Daily Mail” xabar bergan. 

Taxminlarga ko‘ra, u Botsvanada paydo bo‘lgan va unga “Nu” deb nom berilgan. Ayni paytda shtamm dunyoning uchta davlatida topilgan. 

Ta’kidlanishicha, u 32 ta mutatsiyani o‘z ichiga oladi va vaksinalarga potensial chidamli. London universiteti genetiki, professor Fransua Balluning so‘zlariga ko‘ra, virusning bu varianti birinchi navbatda immuniteti zaif va aniqlanmagan OITSga chalingan bemorlarda paydo bo‘lishi mumkin. 

JSST kimlar koronavirusni asosiy tarqatuvchilari ekanini ma’lum qildi

Emlanmagan odamlar koronavirusni asosiy tarqatuvchilari hisoblanadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi. 

“Biz emlanish huquqiga ega bo‘lgan har bir kishini ushbu imkoniyatdan foydalanishga chaqiramiz. Bu ayniqsa, 60 va undan yuqori yoshdagilar, shuningdek immuniteti past bo‘lganlar uchun juda zarur”, deya ta’kidlangan tashkilot xabarida.

Shvetsiyaning ilk ayol Bosh vaziri saylanganidan bir necha soat o‘tib, iste’foga chiqdi

Shvetsiya Sotsial-demokratik mehnat partiyasi rahbari Magdalena Andersson hukumat rahbari sifatida bir sutkadan kamroq vaqt o‘tkazganidan so‘ng bosh vazirlik lavozimidan iste’foga chiqdi. Bu haqda “Radio Sweden” xabar bergan.  

“Shvetsiyaning yangi saylangan Bosh vaziri Magdalena Andersson parlamentdagi ovoz berishda Bosh vazir etib saylanganidan bir necha soat o‘tib iste’foga chiqdi”, deyilgan xabarda.

“Kalmar o‘yini” serialini noqonuniy sotgan talaba o‘limga hukm qilindi

Koreya Xalq Demokratik Respublikasida Janubiy Koreya kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Kalmar o‘yini” serialini ko‘chirib sotgan talaba o‘limga, serialni tomosha qilgan yuqori maktab o‘quvchilari esa besh yillik majburiy mehnatga hukm qilindi. Maktab xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, talaba serialni Xitoyda flesh xotiraga ko‘chirib olgan va uyiga qaytganidan so‘ng nusxa ko‘paytirib hamyurtlariga sotgan.

Sport

Lebron Jeyms “Liverpul” hissadori ekani ma’lum bo‘ldi 

Bir necha yil oldin Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) muntazam chempionati ishtirokchisi hisoblangan “Los-Anjeles Leykers” klubi hujumchisi Lebron Jeyms Angliyaning “Liverpul” klubining aksiyalarini sotib olgani ma’lum bo‘ldi.

Endilikda dunyoning eng yaxshi sportchilardan biri “Nike” kompaniyasi va Mersisayd klubi vositasida kiyim-kechak tarmog‘ini yo‘lga qo‘ymoqchi.

Fyuri Jalolovni mag‘lub etgan bokschiga qarshi jang qilmoqchi emas

Professional boksning superog‘ir vazn toiqasida WVC kamari sohibi Tayson Fyuri (31-0-1) Dillian Uayt va Jo Joysga qarshi jang ishtirok etishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.

“Meni Jo Joys yoki Dillian Uaytga qarshi jang qiziqtirmaydi. Faqatgina ikkita jangga rozi bo‘laman: Entoni Joshua yoki Aleksandr Usik. Boshqa hech kim qiziqtirmaydi”, deydi Fyuri.

Nahotki! Ikardi Nara bilan ajrashsa, futbolchilik faoliyatini yakunlaydi

PSJ hujumchisi Mauro Ikardining rafiqasi va agenti Vanda Nara futbolchiga ishonishini aytdi. Uning fikriga ko‘ra, agar juftlik ajrashgan taqdirda Ikardi futbolchilik faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgan. Bu haqda italiyalik jurnalist-insayder Nikolo Skira xabar berdi.

Avvalroq, Mauro Ikardi xotinini kolumbiyalik model Chayna Suares bilan uchrashmaganiga ishontirgani biroq Chaynaning tanishi Vanda Naraga ikkisining uchrashuvi haqida batafsil ma’lumot beruvchi elektron pochta xabarini yuborgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing