“Avatar-2: suv yo‘li” daromadi $400 milliondan oshib ketdi
Madaniyat-san’at
−
19 dekabr 2022
14294Joriy yilning 16 dekabr kuni premerasi bo‘lib o‘tgan “Avatar: suv yo‘li” (“Avatar 2”) filmining daromadi 400 million AQSH dollaridan oshdi. Ammo bu avvaldan taxmin qilingan natijalardan pastroq. Bu haqda “Variety” nashri xabar berdi.
2009 yilda “Avatar” filmini taqdim etgan rejissyor Jeyms Kemeronning kartinasi ortidan kelgan daromad 2,9 milliard AQSH dollariga yetdi. Katta muvaffaqiyatdan ilhomlangan ijodkor 13 yil umrini “Avatar” filmining ikkinchi qismi uchun sarfladi va filmni tomoshabinlar e’tiboriga havola etdi. 16 dekabrda boshlangan namoyishning dastlabki natijalari qoniqarli bo‘lsa-da olamshumul taxminlar o‘zini oqlamayapti.
Kinofilmning Shimoliy Amerikadagi daromadi 134 million AQSH dollariga yetgan, Jahon miqyosidagi namoyishlardan esa 301 million dollar daromad bo‘lgan, lekin bu ko‘rsatkich mutaxassislar taxmin qilgan olamshumul natijalardan pastroq. Sababi pandemiya davrida taqdim etilgan “Doktor Strendj” va “O‘rgimchak odam: uyga yo‘l” filmlarining birinchi dam olish kunida keltirgan daromadi “Avatar 2” ga qaraganda yaxshiroq edi.
2019 yilda “20th Century Fox” kinokompaniyasi “Disney” tarkibiga o‘tib, “20th Century Studios” nomini olganidan keyin “Avatar 2” loyihasi ortidan keladigan ulkan daromad haqidagi fikrlar “Disney” rahbariyatiga ham tinchlik bermayapti.
Qayd etilishicha, film davomiyligini juda uzun ekani (3,2 soat) tomoshabinlar uni kinoteatrlarda qayta-qayta ko‘rishiga to‘sqinlik qiladi. Yetmaganiga ushbu film Ukrainada bo‘layotgan urush bilan bog‘liq taqiqlar sabab Rossiyada namoyish etilmayapti. Xitoydagi Covid-19 bilan bog‘liq cheklovlar hali to‘laligicha olib tashlanmagani uchun daromad 57 million dollarni tashkil etgan, bu ham kutilganidan kam.
Ushbu film 4 mingdan ziyod kinoteatrlardagi 12 000 dan ortiq ekranlarda namoyish etilyapti. Mutaxassislarning o‘ta ijobiy taxminlari o‘zini oqlamayotgan bo‘lsa-da, ular daromad 2 milliarddan oshishiga shubha qilmayapti.
Ma’lumot o‘rnida, “Avatar: suv yo‘li” filmida birinchi filmdagi rol ijro etgan aktyorlar jamoasi deyarli to‘liq tarkibda saqlab qolingan. Suratga olish jarayonlari 2017 yilda boshlanib 2020 yilda yakunlangan. Ushbu film byudjeti esa 350-400 million AQSH dollariga baholangan bo‘lib, 2024 yilda “Avatar 3” filimining premerasi ham ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi