Isroillik rejissyorlarning G‘azo haqidagi filmi Venetsiya festivalida 25 daqiqa olqishlandi
Olam
−
10:18 3189 3 daqiqa
Isroillik rejissyorlar Yuval Abraham va Reychel Sor tomonidan suratga olingan “NAZA” hujjatli filmi Venetsiya xalqaro kinofestivalida namoyish etilganidan so‘ng 25 daqiqa davomida olqishlarga sazovor bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, film Isroil armiyasining G‘azodagi falastinliklarni nishonga olishda sun’iy intellekt asosidagi tizimlardan foydalanishiga bag‘ishlangan.
80 daqiqalik film qariyb uch yil davomida olib borilgan jurnalistik tekshiruv natijasida yaratilgan. Unda Isroil harbiylari va razvedka xodimlarining guvohliklari keltirilgan bo‘lib, ular shaxsi oshkor etilmasligi sharti bilan intervyu bergan.
Suhbatdoshlarning ovozi va yuzi raqamli texnologiyalar yordamida o‘zgartirilgan. Intervyular Tel-Avivdagi binolar tomida tungi vaqtda tasvirga olingan.
“Biz askarlar va ofitserlarga o‘zlari qilgan ishlar haqida gapirish imkonini beryapmiz. Maqsadimiz juda oddiy edi – G‘azodagi odam o‘ldirish tizimlari qanday ko‘rinishda bo‘lgani va qanday ishlaganini imkon qadar batafsil eshitishni istadik”, degan Yuval Abraham.
Film nomi Isroil razvedkasida qo‘llanadigan evfemizmdan olingan bo‘lib, muayyan havo zarbasi natijasida halok bo‘lishi kutilayotgan tinch aholi sonini anglatadi.
Filmda intervyu bergan harbiylar G‘azodagi telefon qo‘ng‘iroqlari, odamlarning harakati va boshqa aloqalarini kuzatib boruvchi tizimlardan foydalanilganini aytgan. Ular orasida “Lavender” deb nomlangan sun’iy intellekt yordamidagi tizim ham tilga olinadi. U G‘azodagi kuzatuv ostida bo‘lgan telekommunikatsiya tarmog‘idan olingan ma’lumotlar asosida o‘ldirilishi kerak bo‘lgan nishonlarni aniqlashda qo‘llangan.
Filmdagi intervyulardan birida bu jarayon “fabrika kabi ommaviy miqyosda” amalga oshirilgani aytilsa, boshqa bir suhbatdosh nishonlarni aniqlash jarayonini “video o‘yinga” qiyoslagan. Ayrim harbiylar tinch aholi uylarining vayron qilinishi, xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya etilmasligi va falastinliklarga nisbatan nafrat muhiti shakllangani haqida ham gapirgan.
Film mualliflari “+972 Magazine” nashrida birgalikda e’lon qilgan maqolasida G‘azodagi tinch aholining o‘limi “fojiali qo‘shimcha zarar” emas, balki oldindan rejalashtirilgan va hisob-kitob qilingan harakat bo‘lgani haqida xulosa qilinganini yozgan. Abraham film G‘arb davlatlarini Isroilga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashini qayta ko‘rib chiqishga va unga nisbatan sanksiyalar orqali bosim o‘tkazishga undaydi, deb umid bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, “NAZA” filmi Buyuk Britaniyadagi “The Guardian” nashri bilan hamkorlikda Jim Uilson tomonidan ishlab chiqarilgan. Ijrochi prodyuserlardan biri 2024 yilda “The Zone of Interest” filmi bilan “Oskar”ni qo‘lga kiritgan Jonatan Gleyzer bo‘lgan.
Film Venetsiya kinofestivalidagi tanlovda ishtirok etayotgan yagona hujjatli kartina hisoblanadi. Festival 12 sentyabr kuni yakunlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, rejissyorlar Yuval Abraham va Reychel Sor 2025 yilda falastinlik rejissyorlar Bazel Adra va Hamdan Ballal bilan birgalikda suratga olgan “No Other Land” hujjatli filmi uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Live
Barchasi