85 yil oldingi ochiq osmon ostidagi qirg‘in

Tahlil

−

image

G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyat tufayli yahudiy xalqiga nisbatan munosabat yana keskinlasha boshladi. Sidneydagi Xanuka bayrami vaqtida uyushtirilgan otishma, Manchester va Londonda ularga qilingan hujumlar buning yaqqol isboti. Isroil hukumati qabul qilayotgan qarorlar bugun butunboshli millatga nisbatan nafrat alangasini qayta yoqmoqda. Vaholanki, hech bir xalq butunlay yaxshi yoki yomon bo‘lmaydi. Ma’lum mafkura ostida harakat qilayotgan bir hovuch hokimiyat tepasidagi shaxslar butunboshli millatning qanday ekanligini ko‘rsatib bera olmaydi.

Bugun xalqaro maydonda “genotsid” deb tan olinayotgan G‘azodagi vaziyat xalqaro huquq, insonparvarlikni madh etuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar uchun uyatli holatdir. Falastinlik aholiga nisbatan olib borilayotgan “qirg‘in operatsiyalari” tufayli dunyo davlatlari Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumatni keskin tanqid qilmoqda.

Ammo tarix shunga guvohlik beradiki, yahudiy xalqining o‘zi ham eng ko‘p qirg‘inlarni boshidan kechirgan elatlardan biri bo‘lgan. Bundan 85 yil avval, 1941 yil aynan 29–30 sentyabrda, Kiyev chetidagi darada natsistlar armiyasi 33 mingdan ortiq yahudiyni qirib yubordi. Bu voqea tarixda “Babiy Yar Xolokosti” nomi bilan qoldi. Bugun ana shu fojianing tafsilotlari haqida gaplashamiz.

Ochiq osmon ostidagi qirg‘in

1941 yilning yozida Adolf Gitler boshchiligidagi natsistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga bostirib kirdi. 19 sentyabr kuni nemis qo‘shinlari Kiyevni egalladi. Shahar hali bosqinning dastlabki kunlaridagi tartibsizliklardan chiqib ulgurmagan, aholining bir qismi evakuatsiya bo‘lib ulgurgan, boshqalari esa yangi hokimiyat qanday qarorlar chiqarishini kutayotgan edi.

Kiyev bosib olingach, 20–28 sentyabr kunlari Sovet maxfiy xizmati (NKVD) tomonidan oldindan o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar ishga tushdi va shaharning turli nuqtalarida portlashlar yuz berdi. Bu esa antisemitizmni nafaqat shaxsiy qarash, balki davlat mafkurasi darajasiga olib chiqqan Adolf Gitler qo‘shini uchun yahudiylarni qirishga zo‘r bahona bo‘ldi.

1939 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevda 175 000 dan ortiq yahudiy yashagan. 1941 yil iyun oyida yaqin atrofdagi qishloq va tumanlardan kelganlar bilan bu ko‘rsatkich 220 000–230 000 kishi atrofida bo‘lgan. Nemis qo‘shinlari shaharga yaqinlashayotgani sababli sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan evakuatsiya hamda Qizil Armiya safiga safarbarlik natijasida 160 000 ga yaqin yahudiy Kiyevni tark etishga yoki sharqqa qochishga ulgurgan. Qolganlarning taqdiri esa natsist qo‘shinlarining qo‘lida qolgan.

26 sentyabr kuni nemis harbiy gubernatori Kurt Eberxard, “Himoya otryadi” (Schutzstaffel) va politsiya rahbari Fridrix Yekkeln hamda “Einsatzgruppe C” qo‘mondoni Otto Rash ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi va Kiyevda yahudiylarini qirgin qilish rejasi ishlab chiqildi.

Shundan so‘ng Kiyev ko‘chalarida e’lonlar paydo bo‘ldi. Ularda shahardagi barcha yahudiylardan 29 sentyabr kuni ertalab soat 8:00 da Melnikov va Degtyaryovskaya ko‘chalari kesishmasiga kelish talab qilindi. Odamlarga hujjatlari, pullari, qimmatbaho buyumlari, issiq kiyimlari va boshqa zarur narsalarini olib kelish buyurildi. E’londa ko‘rsatilgan manzilga kelmagan yahudiylar otib tashlanishi aytildi.

Minglab oddiy yahudiylar “bizni evakuatsiya qilishadi” degan xayolda, hamma narsasini ko‘tarib, belgilangan manzil tomon otlanadi. Ular orasida harbiylikka aloqasi yo‘q minglab erkaklar, ayollar, begunoh bolalar bor edi. Natsistlar dastlab atigi 5–6 ming kishi kelishini kutgandi, biroq 30 mingdan ortiq yahudiy erta tongdan manzilga yetib keladi. Odamlar oqimi tinmasdi, barcha qimmatbaho buyumlarini, hujjatlarini ko‘tarib olgan insonlar “o‘z ajali” tomon shoshilishardi.

Buncha odamni birdaniga o‘ldirish imkonsiz edi. Ular qochib ketmasligi, to‘polon ko‘tarmasligi kerak bo‘lgan. Shunda harbiylar qatlgoh sifatida Babiy Yar darasini tanlaydi. Uning uzunligi taxminan 150 metr, eni 30 metr edi, chuqurligi esa 15 metrga yaqin bo‘lgan.

Odamlar guruh-guruh qilib jarlikka tushirilgan va avtomatlardan o‘qqa tutilgan. O‘lganlar jasadi o‘sha yerda terib qo‘yilgan. Keyingi guruh esa avvalgilarning jasadlari ustiga yotqizilgan. Shu tariqa qirg‘in ikki kun davom etgan. Babiy Yar darasida o‘liklardan tepaliklar hosil bo‘lgan.
1941 yil 29–30 sentyabr kunlari 33 771 nafar yahudiy Babiy Yarda otib tashlandi. Bu raqam natsistlarning o‘zining “Einsatzgruppe C” hisobotida qayd etilgan.

Natsistlar hech qanday amaliy maqsadsiz, shunchaki yahudiylarni otib tashlayvergan. Na o‘zini himoya qilish, na qo‘rqitish, na boshqa tayinli sabab bo‘lgan. Shunchaki minglab insonlar yahudiy oilada dunyoga kelgani uchun o‘lib ketavergan.

Babiy Yarni qaytarilishi

Ammo fojia 30 sentyabr kuni tugamadi. Keyingi oylar davomida minglab odamlar yana shu jarlikka olib kelindi va otib tashlandi. Babiy Yar natsistlarning sevimli qatlgohlaridan biriga aylangandi. Qurbonlar orasida umuman urushga aloqasi yo‘q yahudiylardan tashqari sovet harbiy asirlari, ukrainalik tinch aholi va boshqa etnik guruhlar ham bor edi. Bu hududda keyinchalik “Sirets” konslageri ham tashkil etildi. Mahbuslar og‘ir sharoitlarda saqlandi va qatl qilindi. Babiy Yar esa natsistlar Kiyevni tark etguniga qadar qatl joyi bo‘lib qoldi.

1941–1943 yillar davomida Babiy Yar va uning atrofida halok bo‘lganlarning umumiy soni bo‘yicha turli ma’lumotlar (yoki raqamlar) mavjud, hatto ba’zi manbalarda umumiy ko‘rsatkich 100 mingdan 150 minggacha bo‘lgan raqamlar uchraydi.

1943 yilning yozida, Sovet qo‘shinlari Kiyevga yaqinlashayotgan bir paytda, natsistlar Babiy Yarda ko‘milgan jasadlarni qazib chiqarish va yo‘q qilishga kirishdi. Bu ishga mahbuslar majburan jalb qilindi. Jasadlar maxsus tayyorlangan ulkan gulxanlarda yoqildi. Ayrim guvohliklarga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida taxminan 1 500 jasad yoqilgan va bunday krematsiya (jasadni yoqish) ishlari qariyb 40 kun davom etgan. Eng dahshatlisi, keyin bu ishga jalb qilingan mahbuslarning o‘zi ham o‘ldirilgan.

1943 yil 6 noyabrda birinchi Ukraina fronti general-polkovnigi Nikolay Vatutin qo‘mondonligida Kiyev natsistlar bosqinidan ozod qilindi. 1946 yilning yanvar oyida esa Kiyevda harbiy tribunal bo‘lib o‘tdi. Unda Ukraina va Kiyev hududida tinch aholini ommaviy qirish va vayronagarchiliklar uchun ayblangan 15 nafar yuqori martabali nemis zobiti hamda “Himoya otryadi” xodimlari ustidan sud jarayoni o‘tkazildi. Ularning 12 nafari o‘lim jazosiga hukm qilinib, shahar markazidagi maydonda osib o‘ldirildi.

Shunga qaramay, sovet hukumati mafkuraviy tamoyil tufayli marhumlarni xotirlashga cheklovlar qo‘ydi. 1976 yilda Babiy Yarda “Natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba”ga bag‘ishlangan birinchi rasmiy sovet yodgorlik majmuasi ochildi. 1991 yil sentyabrda, SSSR parchalanishi va Ukraina mustaqillikka erishishi arafasida Kiyevda Babiy Yar fojiasining 50 yilligi munosabati bilan ilk bor yahudiy xalqi xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy yodgorlik – “Menora” (yahudiylarning 7 tarmoqli shamdoni shaklidagi haykal) o‘rnatildi. 2016 yildan e’tiboran Babiy Yar hududini dunyodagi eng yirik Xolokost memorial majmualaridan biriga aylantirish bo‘yicha xalqaro loyiha boshlandi. 2021 yilda ochilgan, kitob ko‘rinishidagi, noyob arxitektura namunasiga ega sinagoga-monumenti qurildi. Hudud bo‘ylab qurbonlarning ismlari o‘qib eshitiladigan tovushli ustunlar, otishma sodir bo‘lgan joylarni modellashtiruvchi ko‘zguli va metall installyatsiyalar o‘rnatildi.

Umuman olganda, bu hikoyadan maqsad, birgina signalni ommaga yetkazishdan iborat: yovuzlikning millati yoki dini bo‘lmaydi.

(E’tibor bergan bo‘lsanggiz, biz maqolada natsistlar so‘zini muqobili sifatida nemis armiyasi yoki boshqa millatlar nomini ishlatmadik. Negaki, qatllarni sodir etganlar bir guruh askarlar xolos, garchi ular orasida germaniyaliklar ulushi katta bo‘lsa-da, nemislar orasida bu urushga qarshilar bo‘lgan. Xuddi bugun G‘azo fojiasini yoqlamaydigan yahudiylar bo‘lgani kabi.)


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing