“Odisseya” filmi rekord kassa yig‘di
Olam
−
18 iyul 2661 2 daqiqa
Kristofer Nolanning “Odisseya” filmi premera oldidan namoyishlar davomida 17,6 million AQSH dollari daromad to‘plab, 2026 yilning eng yaxshi natijasini qayd etdi. Bu haqda “Variety” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nolanning yangi filmi oldindan chipta savdosi bo‘yicha avvalgi rekordchi – “O‘yinchoqlar tarixi 5” animatsion filmini ortda qoldirgan. Nolanning 2023 yilda “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Oppengeymer” filmi esa premera oldidan 10,5 million AQSH dollari ishlagan edi.
“Odisseya” filmi kecha, 17 iyul kuni keng prokatga chiqdi. “Variety” ma’lumotiga ko‘ra, kartina ilk prokat haftasi yakunida 90–100 million AQSH dollari miqdorida kassa yig‘imi qilishi kutilmoqda.
Agar ushbu prognoz tasdiqlansa, “Odisseya” Kristofer Nolanning 2012 yilda chiqqan va ilk prokat haftasida 160 million AQSH dollari daromad keltirgan “Qora ritsar: Afsonaning tug‘ilishi” filmi ortidan rejissyorning ikkinchi eng muvaffaqiyatli debyutiga aylanadi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilda eng katta ochilish kassa yig‘imini qayd etgan filmlar “O‘yinchoqlar tarixi 5” (159 million AQSH dollari) va “Super Mario” (131 million AQSH dollari) bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rejissyor Antuan Fukuaning “Maykl” filmi jahon prokatida 977 million dollar to‘plab, Kristofer Nolanning “Oppengeymer” filmini (ushbu film 975 million dollar yig‘gan edi) ortda qoldirdi va tarixdagi eng kassabop biografik filmga aylangandi.
Live
Barchasi