Maykl Jekson haqidagi film rekord o‘rnatdi
Madaniyat-san’at
−
05 iyul 12195 2 daqiqa
Rejissyor Antuan Fukuaning “Maykl” filmi jahon prokatida 977 million dollar to‘plab, Kristofer Nolanning “Oppengeymer” filmini (ushbu film 975 million dollar yig‘gan edi) ortda qoldirdi va tarixdagi eng kassabop biografik filmga aylandi. Bu haqda “Variety” xabar berdi.
Qayd etilishicha, namoyishlar boshlanganidan buyon “Maykl” filmi AQSHning o‘zida 370,2 million dollar, jahon prokatida esa 607 million dollar jamg‘argan. Kartina 911 million dollar to‘plagan “Bohem rapsodiyasi” (“Bohemian Rhapsody”) filmidan ham o‘zib ketgan.
Ma’lumot uchun, filmdagi bosh rolni Maykl Jeksonning jiyani Jafar ijro etgan. Kinotanqidchilarning bildirishicha, film pop-afsona tarjimai holidagi eng bahsli epizodlarni qamrab olmagan, buning o‘rniga ijodkorlar bor e’tiborni konsert rekonstruksiyalari va musiqiy raqamlarga qaratgan.
Antuan Fukuaning lentasi pop-musiqa qiroli bo‘lish taqdiri bitilgan Maykl Jekson hayotining erta davrlariga bag‘ishlangan. Film Mayklning aka-ukalari va talabchan hamda qattiqqo‘l otasi Jo (Kolman Domingo) bilan bo‘lgan munosabati, “The Jackson 5” yoshlar jamoasi tarkibidagi chiqishlari hamda yakkaxon karerasining boshlanishi haqida so‘zlaydi.
Asar Jeksonning musiqa cho‘qqisini qanday zabt etgani, o‘zining asosiy xit qo‘shiqlarini yaratgani va “Billie Jean” taronasini ijro etish vaqtida ilk bor “Oyda yurish” usulini qanday namoyish etganini ko‘rsatib beradi. Kartinada shuningdek, Juliano Valdi, Nia Long, Maylz Teller, Keylin Darrel Jons va Lora Xerriyer suratga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hayvonlar shaharchasi 2” (“Zootopia 2”) premera qilinganiga bir hafta bo‘lmasdan jahon prokatida 556 million dollar to‘plab, rekord o‘rnatgandi va AQSHdan tashqarida eng ko‘p daromad keltirgan multfilmga aylangan edi.
Live
Barchasi