Jim Kerri va Dueyn Jonsonni mashhur qilgan rejissyor vafot etdi

Olam

image

AQSHlik rejissyor, “Niqob” (“The Mask”), “The Blob” va “Elm ko‘chasidagi dahshatli tush 3” (“A Nightmare on Elm Street 3: Dream Warriors”) filmlari bilan tanilgan Chak Rassel 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning oilasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Rassel 22 iyul kuni AQSHning Kaliforniya shtati, San-Diyego shahridagi uyida hushsiz holda topilgan. Uning vafot etganini advokati tasdiqlagan, ammo o‘lim sababi hozircha ochiqlanmagan.

O‘nlab yillik faoliyati davomida Rassel bir qator muvaffaqiyatli filmlarga rejissyorlik qildi. Ular qatorida “Elm ko‘chasidagi dahshatli tush 3: Orzu jangchilari” (“A Nightmare on Elm Street 3: Dream Warriors”), “The Blob” va 1994 yilda ekranga chiqqan “Niqob” (“The Mask”) filmlari bor.

2002 yilda u “Chayon qiroli” (“The Scorpion King”) filmini suratga oldi. Mazkur filmda Dueyn “The Rock” Jonson ilk bor bosh qahramon sifatida ishtirok etgan.

Illinoys shtatida tug‘ilgan Rassel kino sohasidagi faoliyatini 1981 yilda ekranga chiqqan “Hell Night” filmining ijrochi prodyuseri sifatida boshlagan. Keyinchalik u “Dreamscape” ilmiy-fantastik filmining hammuallifi bo‘lgan.

Uning rejissyor sifatidagi debyuti 1987 yilda chiqqan “A Nightmare on Elm Street 3: Dream Warriors” filmi bilan bo‘lgan. Tanqidchilar ushbu kartinani franshizaning muvaffaqiyatli qaytishi sifatida baholagan. 1988 yildagi “The Blob” remeykidan keyin Rassel 1994 yilda chiqqan “Niqob” filmi orqali katta muvaffaqiyatga erishdi. Film Jim Kerri va Kemeron Diasni jahon yulduzlariga aylantirdi hamda maxsus effektlari uchun “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi.

Rassel 2024 yilda bergan intervyusida “Niqob” dastlab qo‘rqinchli film sifatida rejalashtirilganini, ammo u studiyani komediya janrini tanlashga ko‘ndirganini aytgan. Natijada 18 million dollar byudjetda ishlangan film jahon bo‘ylab 350 million dollardan ortiq daromad keltirgan.

Keyingi yillarda u Arnold Shvarsenegger ishtirokidagi “Eraser”, Kim Beysinger va Kristina Richchi qatnashgan “Bless the Child”, shuningdek, “The Mummy” franshizasiga aloqador “The Scorpion King” filmlarini ham suratga oldi.

Rejissyorning so‘nggi ishi 2024 yilda ekranga chiqqan “Witchboard” filmi bo‘ldi. Bu 1986 yilgi shu nomli qo‘rqinchli filmning remeyki hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Oskar” mukofoti sohibi, “Cho‘qintirgan ota” filmi yulduzi Robert Dyuval joriy yilning 15 fevral kuni 96 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing