Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar tugatiladi
Madaniyat-san’at
−
01 iyun 1733 2 daqiqa
O‘zbekistonda eskicha tizimda ishlayotgan Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, shu yilning 1 sentyabridan davlat buyurtmasi asosida kino yaratishda targ‘ibot va reklama xarajati uchun film byudjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi, xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulot yaratish bilan bog‘liq faoliyati soliqlardan ozod qilinadi.
Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi.
O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Oltin humo” milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida har yili 5 milliard so‘mdan ajratiladi.
Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar haligacha eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmayotgani qayd etilgan. Shu bois, sohada ijodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida ushbu komissiya va kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi.
Endi kinoning har bir janri va mavzusidan kelib chiqib, o‘sha soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilinadi.
Bunda O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar ekspert guruhlari tarkibiga kiritiladi. Mutasaddilarga kino sohasida zamonaviy va shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritish topshirilgan.
Live
Barchasi