Atamboyevning advokati mijozining ozod qilinishini so‘ramoqda
Olam
−
30 noyabr 2020 5143 2 daqiqa
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning advokatlari jazoni o‘tayotgan jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqishga yuborilganligi sababli uni koloniyadan ozod qilishni so‘rmoqda. Bu haqda bugun, 30 noyabr sobiq prezidentning himoyachisi Sergey Slesarev TASSga ma’lum qilgan.
30 noyabr kuni Qirg‘iziston Oliy sudi jinoiy guruh rahbari Aziz Batukayevning noqonuniy ravishda ozod qilinganligi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ikkita quyi instansiya hukmlarini bekor qilgani va uni yangi sud majlisiga Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudiga yuborgani ma’lum bo‘ldi. Atamboyev ushbu ishda ayblanuvchilardan biri bo‘lgan va 11 yil ikki oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. U jazoni 47-axloq tuzatish muassasasida o‘tamoqda.
“Ertaga advokatlar Atamboyevni 47-axloq tuzatish muassasasidan ozod qilish masalasini ko‘tarishni boshlaydilar. Agar ish qayta ekspertizaga yuborilgan bo‘lsa, unda qonunchilikka muvofiq mijozim koloniyadan ozod qilinishi kerak”, deydi Slesarev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyun kuni Bishkekning Pervomay tumani sudi Atamboyevga 11 yil qamoq jazosi tayinladi. U sobiq jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qamoqdan chiqarib yuborilishi va korrupsiyada ayblangandi.
Ammo Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan tartibsizliklar vaqtida namoyishchilar Atamboyevni qamoqxonadan ozod qildi. Keyinroq Almazbek Atamboyevning ehtiyot chorasi qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirildi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 10 oktyabr kuni Atamboyev Bishkekda namoyishlar uyushtirishda ayblanib, yana hibsga olindi. So‘nggi bor u hibsxonadan advokati orqali bayonot bergandi.
Live
Barchasi