Atamboyev Milliy xavfsizlik hibsxonasidan koloniyaga o‘tkazildi
Olam
−
04 yanvar 2021
8715Qirg‘iziston Respublikasi sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov hibsxonasidan Bishkekdagi 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga o‘tkazildi. Bu haqda uning rafiqasi Raisa Atamboyeva 24.kg axborot agentligiga ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq davlat rahbari Yangi yil arafasida koloniyaga ko‘chirilgan.
“Hech kim bu haqda bilmagan. 31 dekabr kuni men va bolalarim – Qodir va Aliyaga uchrashishga ruxsat berildi, biz uni koloniyada kutib oldik. U davolanmoqda va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining hibsxonasiga o‘tkazilishi muolajalarga halal berar edi. Albatta, ushbu koloniyada sharoit yaxshiroq, u yurishi, odamlar bilan muloqot qilishi mumkin. Almazbek Atamboyevning qon bosimi past, u qattiq shamollayapti. Unga issiq ovqat va issiq kiyim olib keldik”, degan Raisa Atamboyeva.
Atamboyev nimada ayblangandi?
2006 yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi koloniyalardan birida tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. To‘polon paytida deputat Tinishbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a’zosi o‘ldirilgandi.
2013 yilda Batukayev qamoqdan tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra ozod qilingan. Xulosaga ko‘ra, Batukayevga qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. U qamoqdan chiqish bilan darhol tarixiy Vatani Chechenistonga uchib ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar soxta ekanligi aniq bo‘lgan, ammo Qirg‘iziston hukumati Batukayevni ortga qaytara olmagan.
Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yakunida Atamboyev 11 yillik qamoq jazosini olgandi. Avgust oyida Bishkek shahar sudining hay’ati ushbu hukmni tasdiqladi.
Qayd etilishicha, bu ishda sobiq Prezidentdan tashqari yana uch kishi – shifokor Abduhalim Raimjonov, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayeva va Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘ining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev ishtirok etgan.
Sobiq maslahatchi hibsda saqlangani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Joldubayeva 5 million som (66,7 ming dollar) jarimaga tortilgan. Shifokor esa jinoyatning muddati o‘tganligi tufayli jazodan qutulib qolgan.
Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari vaqtida odamlar Atamboyevni qamoqdan ozod qildi. Ammo u keyinroq Bishkekda namoyish uyushtirishda aylanib, yana hibsga olindi.
LiveBarchasi