“Aston Villa” Yevropa Ligasida g‘olib bo‘ldi

Sport

image
Angliyaning “Aston Villa” futbol klubi Yevropa Ligasi finalida Germaniyaning “Frayburg” jamoasini mag‘lub etdi. Shu tariqa, birmingemliklar o‘z tarixida ilk bor Yevropa Ligasi kubogini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv Istanbuldagi “Tuprash” stadionida bo‘lib o‘tdi va 3:0 hisobi bilan yakunlandi. Gollarga Yuri Tilemans (41-daqiqa), Emiliano Buendiya (45+3) va Morgan Rodjers (58) mualliflik qildi.

“Aston Villa”ni ispaniyalik murabbiy Unai Emeri boshqaradi. U Yevropa Ligasida beshinchi marta g‘olib bo‘ldi. Shu paytga qadar Emeri uch marta “Sevilya”, bir marta “Vilyarreal” va endi “Aston Villa” bilan ushbu turnirda chempion bo‘lmoqda. Shuningdek, u “Arsenal” bilan ham finalga chiqqan. Boshqa hech bir murabbiy Yevropaning ikkinchi darajali musobaqasida klub miqyosida bu qadar ko‘p marta zafar quchmagan.

Birmingem klubi tarixda ilk bor Yevropa Ligasida g‘olib chiqdi. Jamoa bungacha hech qachon chorak finaldan narigi bosqichga o‘ta olmagan edi. 1982 yilda esa, “Aston Villa” Yevropa Chempionlar Kubogi va UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.

“Frayburg” esa, tarixida ilk bor Yevropa kubogi finalida o‘ynadi. Klubning avvalgi eng yaxshi natijasi 2023 va 2024 yillarda musobaqaning 1/8 finaliga chiqish bo‘lgan.

Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ligasi “Aston Villa” “Frayburg”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing