Asila Mirzayorova Paralimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatdi

Sport

image

Parijda bo‘lib o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlarining yengil atletika bo‘yicha ayollar musobaqasi davom etmoqda.

T11 klassida uzunlikka sakrash bahsida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Asila Mirzayorova dastlabki urinishidayoq 5,22 metr natija qayd etib, ushbu yo‘nalishda Paralimpiya o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Keyingi urinishlarda qaysidir sportchi sensatsiya ko‘rsatmasa, Asila oltin medalni qo‘lga kiritadi.

Bundan avvalgi rekord 1996 yilgi Atlanta Paralimpiya o‘yinlarida o‘rnatilgan bo‘lib, ispaniyalik Ortiz 5 metru 7 santimetr natija qayd etgandi. Asila 28 yil saqlanib turgan Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Mirzayorova 2023 yilning iyul oyida Fransiyaning Parij shahrida para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. 25 yoshli sportchi joriy yilning may oyida jahon chempionatida ham rekord o‘rnatib, g‘olib bo‘lgandi. Shuningdek, Mirzayorova Tokio–2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlari kumush medal sohibi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston paralimpiadachilari musobaqani 2 ta medal bilan boshladi. Jumladan, para suzuvchi Muslima Odilova hal qiluvchi bahsda marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va delegatsiya hisobiga bronza medalni qo‘shib qo‘ydi. Para tayekvondo bahslarida esa ayollar o‘rtasida -47 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Ziyodaxon Isoqova finalda perulik Leonor Anjelika Espinoza Karransaga qarshi dayanga chiqdi va yakunda kumush medalni qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Paralimpiya Asila Mirzayorova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing