O‘zbekistonlik 3 sportchi Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi
Sport
−
09:40 825 2 daqiqa
Bugun, 23 oktyabr kuni Yaponiyaning Aychi-Nagoya shaharlari mezbonligidagi V yozgi Para Osiyo o‘yinlarining 5-kuni bo‘lib o‘tmoqda. Kunning dastlabki qismida o‘zbekistonlik sportchilar – Asila Mirzayorova, Karomat Omonova va Husniya Olimjonova Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi.
Ayollar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash va yadro uloqtirish bahslarida o‘zbekistonlik sportchilar oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi T11 klassida uzunlikka sakrash finalida Asila Mirzayorova 5,04 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi va Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Shahrizoda Temirova esa 4,73 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Kumush medal Xitoy vakilasiga nasib etdi.
Qayd etish joiz, Asila Mirzayorova musobaqadagi ishtirokini bittadan oltin, kumush va bronza medallari bilan yakunladi.
Ayollar o‘rtasidagi F46 klassida yadro uloqtirish finalida Karomat Omonova 13,16 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo rekordini yangiladi. Shahinaxon Yigitaliyeva esa 11,72 metr natija bilan bronza medaliga ega chiqdi.
Ayollar o‘rtasidagi T12 klassida uzunlikka sakrash finalida O‘zbekiston vakilalari dastlabki ikki o‘rinni egalladi.
Husniya Olimjonova 5,46 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi. Yoqutxon Xolbekova esa 5,44 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bronza medal Eron vakilasiga nasib etdi.
Shu tariqa, Para Osiyo o‘yinlarining 5-kunining dastlabki qismi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasining musobaqadagi umumiy medallari soni 126 taga yetdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Musobaqalar joriy yilning 24 oktyabrga qadar davom etadi.
Live
BarchasiOhangaronda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
22 Oktyabr
Avstraliyada kuchli yomg‘ir yog‘di
22 Oktyabr
Gretsiyada ham talabalar namoyish boshladi
22 Oktyabr