Ashraf G‘ani “Tolibon”ga qarshi hujum boshlashga buyruq berdi
Olam
−
12 may 2020
11172Afg‘oniston hukumat kuchlari mamlakatdagi yirik radikal tashkilot “Tolibon”ga qarshi hujum boshlaydi. Mamlakat Prezidenti Ashraf G‘ani barcha kuch ishlatish tuzilmalariga “Tolibon” harakati bilan kurashda "hujum" shakliga o‘tishga buyruq berdi. Bu haqda “TOLO News” xabar berdi.
Shu vaqtgacha hukumat kuchlari “faol mudofaa” bilan cheklanib kelayotgandi. Aftidan so‘nggi vaqtlarda uyushtirilgan terrorchilik aktlari kurashning “hujum” shakliga o‘tishga undagan.
Bugun, 12 may kuni Afg‘onistonda dafn marosimi vaqtida va tug‘uruqxonada bombali terakt sodir etildi. Ikkita hujum natijasida hozircha 28 kishi halok bo‘ldi.
O‘z navbatida “Tolibon” ushbu hujumlarga aloqadorligini inkor etmoqda.
Qayd etish kerakki, Afg‘oniston hukumati bir necha marta “Tolibon” harakatining a’zolarini ozodlikka chiqargandi. Umumiy hisobda ming nafar tolib qamoqdan chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 fevral kuni Qatar poytaxti Doha shahrida AQSH va “Tolibon“ o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, afg‘onlararo maslahatlashuvlar 10 martda boshlanishi kerak edi. Ishonchni mustahkamlash choralari doirasida afg‘onlararo muzokaralar boshlangunga qadar 5000 ga yaqin toliblar va radikallar tomonidan ushlab turilgan mingga yaqin odam ozod qilinishi shart edi. Hozircha yuqoridagi talablarni ikki tomon ham to‘liq bajarmadi.
LiveBarchasi