ASEAN Kim Chen Inning raketasidan xavotirga tushib qoldi
Olam
−
13 iyul 2023
7831Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) yaqinda Shimoliy Koreya tomonidan raketa uchirilishidan juda xavotirda va Koreya yarim orolining yadrosizlanishi tarafdori. Bu haqda Jakartada to‘rt kunlik yig‘ilishi davom etayotgan ASEAN Tashqi ishlar vazirlarining bugun, 13 iyul kuni chop etilgan qo‘shma bayonotida aytildi.
“Biz yaqinda KXDR tomonidan ballistik raketa uchirilganidan juda xavotirda ekanimizni bildirdik. Biz KXDRni keskinlikni yumshatish uchun chora ko‘rishga va barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga, jumladan, yadrosizlangan Koreya yarimorolida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik uchun qulay muhit yaratishga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.
ASEAN Tashqi ishlar vazirlari Pxenyanning Indoneziyada ASEAN haftaligi yig‘ilishlari o‘tkazilayotgan kunlarda raketa uchirishini amalga oshirgani alohida tashvish uyg‘otayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 12-14 iyul kunlari Indoneziya poytaxti Jakartada ASEAN’ning Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. ASEAN 1967 yil avgustda tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi barcha sohalarda hamkorlik qilish, Janubi-Sharqiy Osiyoda tinchlikni mustahkamlash va barqarorlik yaratishdir. Tashkilotga Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Bruney, Vetnam, Laos, Myanma va Kambodja a’zo hisoblanadi. 2023 yildagi vazirlar uchrashuvlarida yaqin kelajakda ASEAN’ning o‘n birinchi a’zo davlati bo‘lishga tayyorlanayotgan Sharqiy Timor delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Xitoy, Rossiya, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya mintaqaviy blokning to‘liq muloqot bo‘yicha hamkorlaridir. Braziliya, Norvegiya, Pokiston, Shveysariya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari esa ASEAN’ning "tarmoqli" muloqot bo‘yicha hamkorlaridir.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 iyul kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In boshchiligida qattiq yoqilg‘i dvigateliga ega “Xvason-18” qit’alararo ballistik raketasi sinovdan o‘tkazilgandi. Sinovlar davomida raketa 1001 km masofani bosib o‘tdi va Yaponiya dengiziga quladi. Maksimal parvoz balandligi 6648 kilometrni tashkil etdi. Raketa havoda 74 daqiqa bo‘ldi, bu KXDRda ishlab chiqilgan qit’alararo ballistik raketalar uchun eng uzoq parvoz bo‘yicha rekord hisoblanadi.
2017 yildan beri Shimoliy Koreya 5500 km va undan ortiq masofaga uchadigan 14 ta raketani sinovdan o‘tkazgan. Ushbu uchirmalarning aksariyati (yettitasi) 2022 yilda amalga oshirilgan. Shimoliy Koreya joriy yilda to‘rtta shunday uchirishni amalga oshirgan.
LiveBarchasi