Armanistonning hujumi natijasida 10 nafar tinch aholi qurbon bo‘ldi – Aliyev
Olam
−
29 Sentabr 2020
8480Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 29 sentyabr kuni Qorabog‘ mojaro zonasida to‘qnashuvlar boshlanganidan beri ikki kun ichida Armaniston tarafidan o‘qqa tutilgan 10 nafar Ozarbayjon fuqarosi o‘ldirilganini aytdi.
"Ushbu ikki kun ichida biz yo‘qotishlarga duch keldik, shu jumladan tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Afsuski, mamlakatimizda tinch aholi o‘limi soni tobora ko‘paymoqda. 10 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, bitta oilaning besh a’zosi. Qurbonlar orasida ikki nafar bola ham bor", deydi u.
Shu bilan birga, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi va Bosh prokuratura 27 sentyabrdan buyon 30 nafar fuqaro jarohat olganini xabar qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Armaniston ham 4 nafar tinch ahvoli vakillari qurbon bo‘lganini aytib chiqqandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Ayni vaqtda aksariyat mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ikki tarafdan o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatib, muzokaralar stoliga qaytishni so‘ramoqda.
LiveBarchasi