Armaniston o‘rnatgan minalar BMTda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi raisi Dennis Frensis Armaniston tomonidan Ozarbayjon hududlariga yotqizilgan minalar jiddiy tashvish uyg‘otayotganini bildirdi. Bu haqda u Nyu-Yorkdagi Bosh Assambleya sessiyasi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Jurnalistlarning Armaniston bosqinchilik yillarida Ozarbayjon hududlariga 1 millionga yaqin mina qo‘ygani haqidagi savoliga javob berar ekan, Dennis Frensis bu holat jiddiy xavotir uyg‘otayotganini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro huquq normalariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlarda ayrim turdagi qurollardan foydalanmaslik kerak. Frensis barcha tomonlarni xalqaro huquq talablariga rioya qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Armaniston qariyb 30 yil davomida Qorabog‘ mintaqasini minalarga to‘ldirib tashlagan va 2020 yildagi 44 kunlik urushda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, hamon xalqaro talablarni bajarmay, Ozarbayjon tomoniga minalangan hududlar xaritasini bermay kelmoqda. Ushbu hududlarda esa o‘tgan ikki yil ichida ko‘plab harbiylar va jurnalistlar halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon BMT mina Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing