Armaniston Ozarbayjonning Ganja va Mingyachevir shaharlariga raketa uchirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Bugun, 17 oktyabr kuni Armaniston Qurolli kuchlari yana bir bor Ozarbayjonning Ganja shahriga raketa hujumi uyushtirdi. Bu haqda rasmiy Baku xabar berdi.

“Armaniston Qurolli kuchlari yana bir bor Ganja shahriga hujum qildi”, deyilgan Mudofaa vazirligi xabarida.

Ozarbayjon Prezidenti yordamchisi Hikmat Hajiyev o‘zining Twitter sahifasida Ganjaga raketa hujumi va yana bir yirik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan Mingyachevir shahriga hujum haqida ma’lumot bergan. Shahar harbiy harakatlar davom etayotgan joydan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan.

“Ganjaga ballistik raketa Armaniston hududidan uchirildi”, degan Hajiyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ganjaga ikkita raketa uchirilgan. Ulardan biri turar-joy binosiga tushgan. Yana bir raketa esa o‘nlab xususiy uylar yaqiniga tushgan. Natijada 20 ta uy vayron bo‘lgan.

Hozirda uy vayronalarida qutqaruv ishlari olib borilyapti. Hozircha 12 qurbon va 40 dan ortiq jabrlanuvchi aniqlangan.

Ganjadagi ko‘p qavatli uyga tushgan raketa taxminan “Elbrus” bo‘lgan. U 11 oktyabr kuni uchirilgan raketa bilan bir xil darajada zarar yetkazgan. Xususiy uylarni vayronaga aylantirgan raketa nisbatan kuchsizroq “Quyun” bo‘lgan.

Mingyachevir shahriga uchirilgan raketaning nishoni shahardagi elektr stansiyasi bo‘lgan. U Janubiy Kavkazdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi.

Hozirda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xodimlari voqea joyiga yetib borgan.

Avvalroq, 11 oktyabr kuni Ganja shahriga raketa hujumi uyushtirilgandi. Unda 9 kishi halok bo‘lib, 40 kishi turli darajada jarohat olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

327

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing