Aripov Japarov bilan Qirg‘izistonga elektr yetkazib berishni muhokama qildi
Jamiyat
−
07 noyabr 2021
5608O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov birinchi “Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo” forumi doirasida Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Abdulla Aripov o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni faollashtirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Oqilbek Japarov, o‘z navbatida, Qirg‘iziston-O‘zbekiston taraqqiyot jamg‘armasining ishga tushirilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasida (“Yo‘l xaritasi”) o‘z aksini topgan kelishuvlarni amalga oshirishni boshlashga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Tomonlar O‘zbekistondan elektr energiyasini yetkazib berish, Turkmanistondan O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali elektr energiyasi va tabiiy gaz tranziti, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li, Irkeshtom-Daroot-Qo‘rg‘on-Qizil temir yo‘li, Qiya avtomagistrali, Qizil-Qiya shahridagi savdo-logistika markazi va Qambarota-1 GES qurilishi masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Oqilbek Japarov O‘zbekiston tomoniga Botken viloyatida ikkita umumta’lim maktabi qurilishi va Bobur nomidagi O‘sh akademik musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilishda texnik yordam ko‘rsatgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Avvalroq, O‘zbekiston 2021 yilga mo‘ljallangan kelishuvni bajarib bo‘lgani munosabati bilan qo‘shni davlatga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi