Aripov Yevrosiyo hukumatlararo kengashining yig‘ilishida qatnashdi

Olam

image

Bugun, 31 yanvar kuni Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Belarus Respublikasi raisligida o‘tgan yig‘ilishda Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Belarus Bosh vaziri Roman Golovchenko, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev, Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustin, Armaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Baxitjon Sagintayev hamda YeOIIda kuzatuvchi-davlat sifatida Eron Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Aref va Kuba Bosh vaziri Manuel Krus (video murojaat orqali) hamda Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov mehmon maqomida qatnashgan.

Shuningdek, O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida YeOIIning ko‘p tomonlama yig‘ilishlarida Ittifoq davlatlari va organlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari bilan faol ishtirok etayotgani ta’kidlangan.

Qolaversa, yig‘ilishda O‘zbekiston Bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevrosiyo sammitida ilgari surgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga hamda amalga oshirishga chaqirgan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha quyidagi hujjatlar qabul qilingan:

  • “YeOII davlatlarining xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari tomonidan agrosanoat majmuasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish to‘g‘risida”gi topshiriq;

  • “YeHKning 2024 yilda qabul qilingan ayrim qarorlari bajarilishi holati to‘g‘risida”gi topshiriq;

  • “YeOIIga a’zo davlatlardagi makroiqtisodiy vaziyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha takliflar to‘g‘risida”gi farmoyish;

  • “Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga YeIK Kengashi a’zosi nomzodini taqdim etish to‘g‘risida”gi farmoyish;

  • “YeOII davlatlarida tashkil etilgan auksionlarda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga chiqarish uchun transchegaraviy ruxsat to‘g‘risida”gi bitim.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Qozog‘istonning Olmaota shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgandi. Qayd etilishicha, uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Olmaota Evrosiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing