Aripov SHHT mamlakatlariga doimiy aviaparvozlarni tiklashni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar – Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Qozog‘iston, Kirg‘iziston va Tojikiston bilan doimiy parvozlarni tiklamoqchi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qilgan. 

Yig‘ilishda Abdulla Aripov koronavirus pandemiyasi sharoitida turizm va madaniy almashuvni rivojlantirish uchun Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar o‘rtasida parvozlarni bosqichma-bosqich tiklashga chaqirgan. 

“Sayyohlik sohasidagi hamkorlik rivojlanishiga yangi turtki berish uchun mamlakatlarimiz o‘rtasida aviaqatnovlarning bosqichma-bosqich tiklanishi ham muhim sanaladi. Bu amaliy, gumanitar va sayyohlik almashuvning faollashi uchun sharoit yaratadi”, deydi Aripov.

O‘zbekiston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonni koronavirus pandemiyasi sharoitida barcha sanitariya talablariga rioya qilgan holda amalga oshirish zarur.

Shuningdek, Aripov O‘zbekiston har yili SHHTda raislik qilayotgan mamlakat shaharlaridan birini tashkilotning sayyohlik va madaniy poytaxti deb e’lon qilish taklifini ilgari surishini bildirgan. 

O‘zbekiston Hukumati raisi mamlakat 2021-2022 yillarda turizm sohasida SHHTga a’zo davlatlar hamkorligi dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqlashni tezlashtirish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil etilganini eslatdi va u SHHTning barcha mamlakatlari uchun turizm sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi oliygoh bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, onlayn-majlisda Hindiston vitse-prezidenti Muppavarapu Venkaya Naydu, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi raisi Li Ketsyan, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Artyom Novikov, Pokiston Islom Respublikasi Milliy Assambleya deputati, parlament kotibi Abbos Andlib, Rossiya Federatsiyasi Hukumat raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

ShHT Abdulla Aripov

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing