Apple OpenAI’ni sirlarni o‘g‘irlashda ayblab, sudga berdi

Texnologiya

image

Apple korporatsiyasi OpenAI kompaniyasini tijorat sirlarini o‘g‘irlashda ayblab, sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, da’vo arizasi AQSHning Kaliforniya shtati Shimoliy okrug sudiga topshirilgan. iPhone ishlab chiqaruvchisi OpenAI kompaniyasini ishga joylashish uchun borgan Apple nomzodlaridan maxfiy loyihalar tafsilotlarini oshkor qilishni, shuningdek, suhbatlarga qurilmalarning butlovchi qismlari va prototiplarini olib kelishni so‘raganlikda ayblagan.

Apple o‘zining sobiq xodimi Chan Lyuni OpenAI’da ishlayotgan vaqtida texnik hujjatlarni qo‘lga kiritish va ularni yuklab olish uchun sobiq hamkasbining noutbukidan foydalanganlikda ayblamoqda. U, shuningdek, boshqa bir hamkasbiga suhbatdan oldin hali rasman e’lon qilinmagan mahsulotlar haqidagi qaysi ma’lumotlarni o‘rganib chiqishi kerakligini uqtirgan. Bundan tashqari, da’vo arizasidan ayon bo‘lishicha, sobiq xodim ishdan bo‘shayotganda qaytarib bermagan Apple’ga tegishli noutbuk yordamida ichki hujjatlarga kirishni rejalashtirgan.

Kompaniya, shuningdek, OpenAI’ni Apple’ning ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlariga murojaat qilishda maxfiy ma’lumotlardan foydalanganlikda ayblagan. Xususan, ulardan biridan qurilmalardagi metallga yakuniy ishlov berish texnologiyasini namoyish etishni so‘ragan.

Da’voga ko‘ra, fevral oyida Apple kompaniyasi OpenAI’ga xat yuborib, unda maxfiy ma’lumotlar ikkinchi tomonning “faoliyat doirasiga nomunosib tarzda kirib borishi” mumkinligidan xavotir bildirgan, biroq hech qanday javob olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir guruh Jeffri Epshteyn qurbonlari shaxsiy ma’lumotlar tarqalib ketgani sababli AQSH ma’muriyati va Google kompaniyasiga qarshi jamoaviy da’vo arizasi bilan chiqqani haqida xabar berilgan edi.  


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing