Apple iPhone 17 taqdimoti sanasini e’lon qildi
Texnologiya
−
27 avgust 10645 2 daqiqa
iPhone'ning yangi avlodini taqdim etishga bag‘ishlangan Apple'ning yillik tadbiri joriy yilning 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Taqdimot Kaliforniyaning Kupertinodagi Apple shtab-kvartirasida joylashgan Stiv Jobs teatrida o‘tkaziladi va mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan 22:00 da) boshlanadi. Premerani onlayn tarzda Apple saytida, texnogigantning YouTube-kanalida, Apple TV ilovasida, shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlarida ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Apple jami to‘rtta smartfon modelini taqdim etadi: standart iPhone 17, butunlay yangi iPhone 17 Air versiyasi (u seriyada unchalik ommalashmagan Plus modifikatsiyasining o‘rnini egallaydi), shuningdek, flagman variantlari – iPhone 17 Pro va iPhone 17 Pro Max.
Kutilishicha, bazaviy model 6,3 dyuymgacha kattalashtirilgan displeyga ega bo‘ladi. U 120 Gs kadrlar chastotasini va LTPO texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, barcha modellar yangi 24 megapikselli old kamera bilan jihozlanadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone 17 va iPhone 17 Pro Max orqa panel dizayni bilan farqlanadi – unda asosiy kamera moduli uchun uchta 48 megapikselli sensor joylashgan to‘liq o‘lchamli panel bo‘ladi, ular orasida takomillashtirilgan fotokamera ham mavjud. Pro Max versiyasida batareya hajmi 5000 mA*ch soatgacha oshiriladi.
iPhone 17 dan tashqari kompaniya Apple Watch Series 11, Apple Watch Ultra 3 va Apple Watch SE 3 ni taqdim etadi – oxirgi uch yil ichida ilk bor barcha yangilangan aqlli soat modellar bir vaqtda namoyish etiladi. Shuningdek, amerikaliklar yangi AirPods Pro 3 quloqchinlarini, yangilangan HomePod mini aqlli karnayini va modernizatsiya qilingan Apple TV 4 televizion pristavkasini ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, 9 sentyabr kuni Apple iOS 26, iPadOS 26, macOS Tahoe va turli qurilmalar uchun boshqa dasturiy ta’minotlarning ishga tushirilish muddatlarini ham e’lon qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sentyabr oyida chiqadigan iPhone 17 Pro va 17 Pro Max’ning boshlang‘ich narxi 50 dollarga oshishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Live
Barchasi