Apple 2017 yildan beri ilk bor iPhone narxini oshiradi – OAV
Texnologiya
−
11 avgust 5549 2 daqiqa
Joriy yilning sentyabr oyida chiqadigan iPhone 17 Pro va 17 Pro Max’ning boshlang‘ich narxi 50 dollarga oshishi mumkin. Bu haqda Jefferies investitsiya banki tahlilchilarining prognoziga tayanib, “Macworld” nashri xabar berdi.
Mutaxassislarning fikricha, narx oshishi ishlab chiqarish xarajatlari va AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy qilingan boj tariflarini qoplash zarurati bilan bog‘liq. Hozirda Apple Xitoyda ishlab chiqarilgan smartfonlar uchun 20 foiz boj to‘laydi, biroq Hindistonda tayyorlangan qurilmalar Qo‘shma Shtatlarga qo‘shimcha to‘lovlarsiz olib kiriladi. Bir qarashda bu vaziyatni yumshatishi mumkin, chunki yaqinda kompaniya bosh direktori Tim Kuk AQSH bozoriga mo‘ljallangan iPhone’larning aksariyati allaqachon Hindistondan import qilinishini aytgan. Ammo AQSH bojxona siyosati beqaror va istalgan vaqtda shartlar o‘zgarishi mumkin.
Uoll-strit tahlilchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, iPhone 17 narxi iPhone 16’ning shunga o‘xshash modellari bilan taqqoslaganda 50-100 dollar qimmatroq bo‘lishi mumkin. Bu hozircha taxmin, biroq hatto narxning ozgina oshishi ham talabga ta’sir qilishi mumkin. Apple esa bunday vaziyatlarni o‘z foydasiga burishni biladi. Masalan, kompaniya iPhone 17 Pro modelida doimiy xotira hajmini 128 GBdan 256 GBgacha oshirishi mumkin. Shunday qilib, narx rasmiy ravishda ko‘tariladi, ammo xaridor o‘sha pulga ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi.
Ushbu iqtisodiy omillar fonida Apple sun’iy intellekt (SI) sohasidagi tashabbuslarini ham faol rivojlantirmoqda. Tim Kuk yaqinda tahlilchilar bilan suhbatda kompaniya “ko‘proq shaxsiylashtirilgan Siri” ishlab chiqishda yaxshi natijaga erishganini ta’kidlagan. Dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident Kreyg Federigi esa ichki yig‘ilishda Apple Siri’da dastlab rejalashtirilgandan ham “ancha katta yangilanish”ni taqdim etishga tayyor ekanini bildirgan.
Kuk, shuningdek, Apple sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalarni tezlashtirishi mumkin bo‘lgan bitimlariga tayyorligini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, hozirda Apple’ning rasmiy do‘konlarida iPhone narxlari quyidagicha:
- iPhone 16 Pro va Pro Max – 999 dollardan boshlanadi;
- iPhone 16 esa 799 dollardan taqdim etiladi;
- iPhone 16e eng arzon varianti – 599 dollar boshlang‘ich narxga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bloomberg” nashri sharhlovchisi Mark Gurman Apple kompaniyasining kelgusi avlod smartfonlari – iPhone 17 seriyasi so‘nggi besh yil ichidagi eng katta dizayn o‘zgarishlariga ega bo‘lishini, shu bilan birga, flagman modeli iPhone 17 Pro old tomondan o‘z o‘tmishdoshiga juda o‘xshash tarzda chiqarilishini aytgan edi.
Live
Barchasi