Apple’ga yangi rahbar tayinlandi

Olam

image

Amerikalik muhandis Jon Ternus Apple kompaniyasiga bosh direktor etib tayinlandi. U bu lavozimda 15 yil faoliyat yuritgan Tim Kukning o‘rnini egalladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Apple’ning bozor qiymati Tim Kuk kompaniyaga rahbarlik qilgan 15 yil davomida keskin oshgan. iPhone’ning mashhurligi hisobiga Apple qiymati 4,6 trillion dollargacha yetgan.

Jon Ternus esa rahbarlikni sun’iy intellekt sohasida keskin raqobat kuchaygan davrda boshladi. Apple so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda raqiblaridan ortda qolmoqda. Kompaniya sun’iy intellekt asosidagi yangi funksiyalarni joriy etishda qiyinchiliklarga duch kelgan.

Yangi bosh direktor oldida Apple’ning sun’iy intellekt sohasidagi mavqeini mustahkamlash, ta’minot zanjiri bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va kompaniyaning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarini saqlab qolish kabi vazifalar turibdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ternus 2013 yildan buyon Apple’da apparat muhandisligi bo‘yicha vitse-prezident lavozimida ishlab kelgan. U kompaniyaning Apple Watch, AirPods va Apple Vision Pro kabi mahsulotlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

Tim Kuk esa bosh direktorlik lavozimini tark etib, Apple kompaniyasining ijrochi raisi bo‘lgan. U yangi lavozimida kompaniyaning muhim hamkorlar, jumladan, Donald Tramp bilan munosabatlarini saqlashga yordam berishi kutilmoqda.

Shuningdek, Jon Ternus kelasi hafta Apple’ning Kaliforniya shtatidagi Kupertinodagi bosh qarorgohida yangi iPhone taqdimotida kompaniya nomidan chiqish qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple M6 va M5 Pro protsessorlariga asoslangan yangi Mac mini kompyuterlarini taqdim etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing