AOKA “UzAutoMotors”ning ayblovi bo‘yicha tekshiruv boshladi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2020
12161Avvalroq, “UzAutoMotors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini ikki o‘rtada davom etayotgan sud ishi bo‘yicha OAVga bosim o‘tkazishda ayblagandi.
Avtomobilsozning ushba aybloviga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, AOKA avtokompaniya da’vosiga ko‘ra davlat idorasining OAVga yaqqol bosim o‘tkazgani (go‘yoki) isbotlangan faktlarni o‘z vakolati doirasida to‘liq o‘rganib chiqadi.
“Biz OAVlarga nisbatan har qanday usulda bosim uyushtirishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim deb hisoblaymiz.
O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi, OAVlarning mustaqil faoliyati va davlat organlarining ochiqligiga erishish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Chunki aynan shu yo‘l orqali O‘zbekistonning faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda axborot xilma-xilligi ta’minlanishiga mustahkam zamin yaratish mumkin”, deyiladi agentlik bayonotida.
O‘z o‘rnida AOKA, barcha OAVlarni qonuniylik, haqqoniylik, xolislik tamoyillariga amal qilgan holda faoliyat yuritishga chorlagan va yuqoridagi masalaga soha ekspertlarining o‘rganishlari natijasiga asosan tegishli baho berilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “UzAutoMotors” AJda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi joriy yilning 19 avgust kuni ko‘rib chiqildi. Ish oxirida komissiya “UzAutoMotors” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so‘mgacha tushirishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu qaror yuzasidan “UzAutoMotors” sudga murojaat qildi. Ayni vaqtda sud davom etmoqda.
LiveBarchasi