AOKA Matviyenkoga yo‘llangan o‘lim tahdidini qoraladi
Jamiyat
−
04 may 2023
6746O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi “Sukut saqlama” (“Nemolchi”) loyihasining asoschisi, jamoatchilik faoli, jurnalist Irina Matviyenkoga yuborilgan tahdidlarni qoralab, vaziyatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga ushbu masalani nazoratga olishni so‘rab rasmiy xat orqali murojaat qildi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi lozimligi, shuningdek, ushbu qonunning 14-moddasida jurnalistning qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘ligi va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Bu kabi himoyaviy kafolatlar “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida ham o‘z ifodasini topgan.
“AOKA bu kabi holatlarni so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga zid xatti-harakatlar sifatida keskin qoralaydi. Shunga ko‘ra, AOKA voqelikni o‘rganish hamda vaziyatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga ushbu masalani nazoratga olishni so‘rab rasmiy xat orqali murojaat qildi”, deyiladi AOKA bayonotida.
Agentlik olib borilayotgan o‘rganish natijalarini diqqat bilan kuzatib borishi hamda jurnalist hayoti xavfsizligi ta’minlanishiga, shuningdek, qonunchilikka zid ravishda tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishiga ishonishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 may kuni jamoatchilik faoli Irina Matviyenko O‘zbekistonni vaqtincha tark etgani, bunga noma’lum shaxsdan o‘lim tahdidini olgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik mazkur holat Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘rganilayotgani aytildi.
LiveBarchasi