Saidjonov OAVga ochilmayotgan eski davr rahbarlarini tanqid qildi
Jamiyat
−
21 dekabr 2019
4786“Davlat rahbari davlat tashkilotlaridan OAV uchun ma’lumotlar tarqatilishida ochiq va shaffof faoliyat yuritishni talab qilmoqda. Biroq eski davr uslubida ishlayotgan ayrim rahbarlar bunga moslashishi qiyin bo‘lmoqda. Ular OAVga ochiq bo‘lishni xohlamayapti. Biz bu muammoni hal qilishga harakat qilyapmiz”, deydi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Dilshod Saidjonov.
Bugun, 21 dekabr kuni AOKAda saylovlarni kuzatish maqsadida O‘zbekistonga kelgan amerikalik professor Uilyam Eymik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Dilshod Saidjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan so‘nggi yillarda OAVni rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, kelgusida tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalar va boshqalar xususida ma’lumot berdi
U OAV faoliyatini tartibga solish bo‘yicha bir qancha qonunlar mavjudligi, ulardagi ayrim kamchiliklarni yo‘qotish yoki ularga ijobiy yechim berish maqsadida 2020 yilda bir qancha vazifalarni amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Majlisda OAVga ochilmayotgan ayrim eski davr rahbarlarini tanqid qila turib, “Bunday tashkilotlarga chora ko‘rish masalasida, qonunchilikka takliflar tayyorlayapmiz. Balki bu harakatsizlik uchun jarima jazo turi qo‘llanilar, lekin jazo qanday ko‘rinishda bo‘lishi hozircha aniq emas”, deydi direktor o‘rinbosari.
U shuningdek, qonunchilikda mavjud kamchiliklarga to‘xtalib, davlat tashkilotlarining veb-saytlarini yangilab borishi masalasini ham tanqid qildi.
2014 yilda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning sanasi qo‘yilgan bo‘lishi hamda u vaqti-vaqti bilan yangilanib borishi kerak.
Axborotni yangilab borish davriyligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi, lekin u haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak.
Dilshod Saidjonovga ko‘ra, qonunning mazkur qismi hozirgi axborot asri talablariga to‘la mos kelmaydi. Yangi parlament deputatlari buning hisobini olishi kerak. Davlat tashkilotlari o‘z veb-saytlarini muntazam rivojlantirib, faoliyati haqidagi xabarlarni kuniga kamida uch marta yangilab borishi normal holat ekanini aytdi.
LiveBarchasi