Anvar Normamatov Denovga hokim bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni Anvar Mamatovich Normamatov Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Denov tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalarga to‘xtalgan.

Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Denov tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Ilhom Abrorov vazifasidan ozod etilgani ta’kidlangan. Viloyat rahbari deputatlar e’tiboriga Denov tumani hokimi lavozimiga Anvar Mamatovich Normamatov nomzodini taklif etgan. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, Anvar Normamatov 1981 yilda Angor tumanida tug‘ilgan. 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. Jumladan, Sariosiyo, Uzun va Qiziriq tumanlari hamda Termiz shahar Ichki ishlar bo‘limlarida boshliq, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat olib borgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 12 sentyabr kuni xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashining 10-sessiyasida Anvar Normamatov gazning “tagi yo‘qligi” uchun tezak yoqish kerakligini aytgandi. Shuningdek, u qish kelgancha, simyog‘och va transformatorlarni ta’mirlash kerakligini va eng asosiy muammo elektr energiyasi bilan bog‘liq ekanini aytgan. Bundan tashqari, “Qumqo‘rg‘on tuman gaz” filiali boshlig‘i I.Mustafoqulov hisobot o‘qigan. Tuman hokimi esa gaz bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Termiz, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlariga ham yangi hokimlar tayinlangan edi. Xususan, Termiz tumaniga Shuhrat Qalandarov, Qumqo‘rg‘on tumaniga Farrux Holiqov va Oltinsoy tumaniga Otabek Mavlonov hokim etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Denov Anvar Normamatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing