Termiz tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
30 dekabr 2967 2 daqiqa
Bugun, 30 dekabr kuni Shuhrat Nazarov Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hokimi lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Shuhrat Qalandarov tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xalq deputatlari Termiz tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etgan.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Shu vaqtga qadar Termiz tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Shuhrat Nazarov boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etilgan. Viloyat rahbari tuman hokimi vazifasiga Shuhrat Iskandarovich Qalandarov nomzodini taklif qilgan va nomzod tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan. Nomzod Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Qalandarov 1981 yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Termiz davlat universitetini, 2015 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi soliq akademiyasini soliqlar va soliqqa tortish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida soliq organlarida turli vazifalarda, xususan, Termiz tumanida davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Termiz va Sariosiyo tumanlari hamda Termiz shahrida hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Tayinlovga qadar Termiz tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2020 yildan beri Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Dilfuza O‘rolova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani va uning o‘rniga Niyoz Hazratqulov tayinlangani haqida xabar berilgan edi.