Antonio Koshta va Ursula fon der Lyayen O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
15 fevral
4143Yevropa Kengashi raisi Antonio Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen O‘zbekistonga tashrif buyurib, joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan birinchi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida o‘tkaziladi.
“Sammit Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zining geosiyosiy manfaatini namoyish etish uchun muhim imkoniyat bo‘ladi. Geosiyosiy landshaft o‘zgarayotgan sharoitda – Rossiyaning Ukraina bilan noqonuniy tajovuzkor urushi va Afg‘onistondagi davom etayotgan voqealar fonida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tobora strategik ahamiyat kasb etmoqda”, deyiladi Yevropa Ittifoqi vakolatxonasining bayonotida.
Sammit davomida Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi majburiyatini tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Muzokaralarda transport va raqamli bog‘liqlik, strategik xomashyo, iqtisodiyot va xavfsizlik, ekologik toza va samarali energiya manbalariga o‘tish kabi o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashgan, va aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitiga ko‘rilayotgan ikki tomonlama tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi