Anomal sovuq kunlarda shifokorlarni topa olamizmi? SSV ish tartibi qanday bo‘lishini tushuntirdi

Jamiyat

image

Anomal sovuq kunlarda barcha tibbiyot muassasalarining uzluksiz va barqaror ishlashi ta’minlanadi. 1257 ta ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punkti hamda 1002 ta mahalla tibbiyot punkti aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Respublika, viloyat, tuman va shahar shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari odatdagi tartibda ishlaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, tizimga qarashli davolash muassasalari uchun 436 ta qo‘shimcha dizel generatori xarid qilinib, joylarga yuborilmoqda.

155 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalar hamda mahalla tibbiyot punktlariga 260 kVt. quvvatga ega quyosh panellari, 10 300 litr hajmli quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan.

375 ta mahalla tibbiyot punkti, 50 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalar uchun 2 352 kVt quvvatga ega quyosh panellari harid qilingan. 

Texnik sabablarga ko‘ra, biror tibbiyot muassasasida generator ishlamay qolsa, zudlik bilan muammoni bartaraf etish maqsadida barcha viloyatlarda kunu tun xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi generatorlar tashkil qilingani aytilmoqda. 

10-15 yanvar kunlari tibbiyot muassasalari qay tartibda faoliyat ko‘rsatadi?

72 000 nafardan ziyod shifokor va hamshiralardan iborat tibbiy brigadalar tomonidan, birinchi navbatda, homilador ayollar, bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan xonadonlardan xabar olish, o‘z navbatida, “onlayn patronaj” xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Ambulator-poliklinika tizimidagi 19,5 mingdan ziyod kunduzgi shifoxona o‘rinlarida uydan ajralmagan holda davolanish imkoniyati yaratiladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limi hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. 

Mamlakat bo‘ylab 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 227 ta tug‘uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi. 

Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollarga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olish mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 yanvar kuni O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlaridan Rossiya Yevropa qismining shimoliy hududlarida shakllangan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi. 

9-11 yanvarda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

9-10 yanvarda ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. 

10-15 yanvarda respublika bo‘yicha anomal sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 12-17 sovuqgacha, kunduz kunlari 5-8 daraja sovuqgacha, shimolda kechalari 17-22 sovuqgacha, Ustyurtda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 25-27 sovuqgacha, kunduz kunlari 7-10 daraja sovuqgacha, janubda va Farg‘ona vodiysida kechalari 5-10 sovuqgacha, kunduz kunlari 2-5 daraja sovuqgacha pasayadi. 

Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak yuzaga keladi.


Maqola muallifi

Teglar

anomal sovuq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing