Anomal issiq sabab poyezdlar kechikishi mumkin
Jamiyat
−
18:01 635 1 daqiqa
O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq havo tufayli ayrim temir yo‘l yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasining barqaror va ishonchli ishlashini saqlash maqsadida ayrim yo‘nalishlarda poyezdlar harakat tezligiga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatiladi.
Shu sababli ayrim poyezdlar harakat jadvalida belgilangan vaqtdan kechroq manzilga yetib borishi mumkin.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” yo‘lovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni to‘g‘ri qabul qilishni so‘rab, mazkur choralar, avvalo, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet joriy yilning 18–20 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishda davom etishi haqida ogohlantirgan edi.
Shuningdek, O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sabab Toshkent metrosining yerusti yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligi vaqtincha pasaytirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi