Anqara va Baku har qanday tahdidga birgalikda javob qaytarishga va’dalashdi

Olam

image

Turkiya va Ozarbayjon tomonlardan birining mustaqilligi yoki hududiy yaxlitligiga uchinchi davlat tomonidan hujum va tahdidi bo‘lgan taqdirda bir-biriga yordam berishga kelishib oldi. Bu haqda bugun, 15 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Shusha shahriga tashrifi chog‘ida imzolangan ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyada so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, Turkiya va Ozarbayjon Xavfsizlik kengashlari muntazam ravishda milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazib boradi.

“Ozarbayjon Turkiyaning Armanistonning 30 yillik tajovuzini tugatish va bosib olingan hududlarni ozod qilishdagi qo‘llab-quvvatlashini yuqori baholaydi”, deyilgan hujjatda.

Tomonlar Turkiya-Ozarbayjon munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishning barcha istiqbollarini o‘rganib chiqdilar, deyiladi deklaratsiyada.

Hujjatda Turkiya va Ozarbayjon mintaqaviy va global xavfsizlik va barqarorlik masalalarini hal qilishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgani ta’kidlangan. Deklaratsiyada Turkiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi va Nahchivon-Kars temir yo‘l liniyasining ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shishi qayd etilgan.

Shusha deklaratsiyasida Armanistonning Turkiyaga bo‘lgan asossiz da’volari va tarixni buzib ko‘rsatishga urinishlari mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka zarar etkazishiga e’tibor qaratilgan.

“Ikki davlat [Turkiya va Ozarbayjon] o‘rtasida rivojlanib, ularning manfaatlariga javob beradigan harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emas”, deya urg‘ulangan hujjat matnida.

Deklaratsiyada, shuningdek tomonlar terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar va hamkorlikni kengaytirishi ta’kidlangan.

Ozarbayjon joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston bilan boshlangan qurolli to‘qnashuvlardan keyin noryabr oyiga kelib Tog‘li Qorabog‘ni mustamlakadan ozod qildi. Qorabog‘ yerlari 29 yillik arman mustamlakasidan yana Ozarbayjonga qaytdi. Rasmiy Baku ayni vaqtda ushbu hududlar o‘tgan yillar davomida vayronaga aylantirilib, tarixiy obidalar yo‘q qilingani, infratuzilma ishdan chiqqani, bu ham yetmagandek, arman Hukumati hududlarga minalar o‘rnatgani va Qorabog‘ yerlari Ozarbayjon qo‘liga o‘tganiga qaramay, minalangan yerlar xaritasini bermay kelayotganini ta’kidlamoqda. Kuni kecha ushbu minalangan hududlarda Ozarbayjon jurnalistlari o‘tirgangan avtomobil portlab ketdi. Oqibatda 3 kishi – ikki jurnalist va bir amaldor qurbon bo‘ldi. Mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva murojaat bilan chiqib, xalqaro hamjamiyat, xalqaro jurnalistlar huquqlari himoyachisi sifatida o‘zini namoyon etib kelgan nohukumat tashkilotlar jurnalistlarning minalangan hududlarda qurbon bo‘lganiga panja ortidan qarab, Armanistonning harakatlariga ko‘z yumib kelayotganini ta’kidlagan edi. 

Joriy yilning 27 may – 4 iyun kunlari O‘zbekistondagi 2 mingga yaqin ommaviy axborot vositalari orasida faqatgina QALAMPIR.UZ muxbiri birinchi bo‘lib Ozarbayjonning urush kechgan hududlarida, jumladan Ganja shahrining raketa zarbasidan vayron tumani va Qorabog‘ning Ag‘dam, Fuzuli tumanlarida bo‘lib qaytdi. Jurnalist Feruza Najmiddinova Fuzuli va Ag‘dam tumanlarida minalangan hududlar borligiga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lganini aytadi.

Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qorabog‘dagi minalashtirilgan maydonlar masalasini hal qilish muhim ekanini ta’kidlab, ikki tomonni ham kelishuvga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tog'li Qorabog' Turkiya-Ozarbayjon

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing