Android foydalanuvchilari yangi josus dastur hujumidan ogohlantirildi
Texnologiya
−
10:43 887 1 daqiqa
Rossiyani ham qo‘shganda 26 dan ortiq mamlakatdagi Android qurilmalari egalari DragonDoll josus dasturi hujumlariga uchragan. Bu haqda Rossiyaning RBK nashri Positive Technologies xavfsizlik ekspertlar markaziga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, foydalanuvchilar soxta Google Chrome sahifasiga yo‘naltirilib, u yerda brauzerning go‘yoki yangi versiyasini yuklab olish taklif qilingan. Zararli dastur o‘rnatilib, zarur ruxsatlar berilganidan so‘ng, hujumchilar smartfon ustidan deyarli to‘liq nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin.
DragonDoll qurilmadagi bosishlarni qayd etish, skrinshotlar olish, xabarlarni o‘qish va parol hamda PIN-kodlarni o‘g‘irlash uchun ilovalar ustida soxta oyna chiqarish imkoniyatiga ega. Dastur Telegram, WhatsApp va boshqa messenjerlardan ma’lumotlarni yig‘ib, ularni Rossiya xostingida joylashgan serverga yuboradi.
Zararli dasturni birinchi marta Threat Intelligence departamenti mutaxassislari shu bahorda Saudiya Arabistonidagi foydalanuvchilarga qilingan hujumni tahlil qilish jarayonida aniqlagan. Positive Technologies mutaxassislari 2 oy ichida zararli dasturning qariyb 150 ta namunasini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple kompaniyasi 110 ta davlatdagi ayrim foydalanuvchilarni qurilmalariga josuslik dasturlari orqali hujum qilingan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Live
Barchasi