Andijondagi “Muruvvat” uyining sobiq rahbariga nisbatan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
24 noyabr 2023
6614Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internatining sobiq direktori milliardlab so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani xususida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi izoh berdi.
Tarqalgan xabarlarda “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyining sobiq direktori M.M. qurilish ishlari uchun ajratilgan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilib yuborgani aytilgan.
Viloyat prokuraturasining tekshiruvlari natijasida chindan ham internat uyida amalga oshirilgan qurilishlar davomida jami 1 milliard 74 million so‘mlik byudjet mablag‘lar o‘zlashtirilgani aniqlangan.
“Holat bo‘yicha qurilishni amalga oshirgan jamiyatlar hamda internat uyining mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” (ko‘p miqdorda firibgarlik) bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi prokuratura xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishining tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat” uyida bolalarning kaltaklangani aks etgan video tarqalgandi.
LiveBarchasi