Toshkent viloyatida ham aholiga ajratilgan 794 tonna ko‘mir sotib yuborildi
3-sahifa
−
14 noyabr 2023
4418Toshkent viloyatining Piskent tumanida aholi uchun ajratilgan ko‘mirni talon-taroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, prokuratura departamentining Piskent tuman bo‘limi tomonidan hududda kuz-qish mavsumida aholi ehtiyoji uchun imtiyozli narxlarda sotilishi kerak bo‘lgan ko‘mir savdosi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan yoki yo‘qligini o‘rganish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Toshkent viloyati filiali rahbari S.I., ombori mudiri F.X. va boshqalar 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda sotish uchun ajratilgan 794,2 tonna ko‘mirni qalbaki yuk xatlarini rasmiylashtirish orqali talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumanida 362,3 million so‘mlik, Buloqboshi tumanida 178,3 million so‘mlik, Jalaquduq tumanida 421,7 million so‘mlik, Izboskan tumanida 1007,9 tonna, Paxtaobod tumanida esa 873,2 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 623,7 tonna, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 413,8 million so‘mlik 1 tonna 364,3 kilogramm, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida esa 464,6 tonna ko‘mir o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingandi.
LiveBarchasi