Andijondagi bojxona postida xodim ayolning yuklarini tepib tashladi
Jamiyat
−
29 yanvar
13364Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida joylashgan “Do‘stlik” bojxona postida bojxona xodimi chegarani kesib o‘tayotgan ayolga juda qo‘pol munosabatda bo‘lgani va uning sumkalarini tepib tashlagani aks etgan video tarqaldi. Unda xodim quyushqondan chiqib, yo‘lovchi ayolga baqirayotgani boshqalar esa holatni tomosha qilayotganini ko‘rish mumkin.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi esa 2024 yil 27 yanvar kuni bunga o‘z munosabatini bildirdi. Boshqarmaga ko‘ra, mazkur videomurojaat tegishli tartibda o‘rganilganda, ushbu holat 2023 yilning 25 oktyabr kuni bo‘lganligi aniqlangan.
"Hozirda xodimning xatti-harakatiga nisbatan xizmat tekshiruv tayyorlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi", deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 28 noyabrida Qonunchilik palatasi deputatlari yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi. Hujjat bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarining faoliyatiga oid foto va videolarini "obro‘sizlantirish maqsadida" internetda e’lon qilganlik uchun jarima va 15 sutkagacha qamoq jazosini joriy etish taklif qilingan. Hozirda bu hujjat Senat tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
LiveBarchasi