IIO xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” foto-videoga olib tarqatganlar 15 sutkagacha qamalishi mumkin
Jamiyat
−
28 noyabr 2023
11771O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilindi. Ma’mariy javobgarlik kodeksiga kiritilayotgan ushbu qo‘shimcha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida muhokama qilindi.
Qonun loyihasida Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195-2-moddani kiritishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev ushbu moddaga nisbatan e’tiroz bildirib, u bugungi kunda mamlakat rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosatiga soya solishini aytdi.
“Bu oxirgi yillarda muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan ochiqlik-shaffoflik, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak, degan ezgu siyosatga zid, deb hisoblayman. Qolaversa, bu “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlarimizga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri zid. Konstitutsiyamizda ham axborot erkinligi bor. Ana shularni inobatga olish kerak.
Eng xavotirlisi shuki, bu norma ertaga amaliyotga kiradigan bo‘lsa, ba’zi o‘z mansabini suiiste’mol qiluvchi, fuqarolar huquq va erkinliklarini kamsituvchi xodimlar ham yo‘q emas, ular ertaga mana shu normani suiiste’mol qilib, bundan boshqa maqsadlarda – fuqarolar huquqlarini buzish, ularga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish uchun ishlatishlari xavfi yo‘q emas. Biz bu xodimlarning ruhiyatini yaxshilaydi, deb o‘ylayotgandirmiz. Yo‘q! Bu aks natija beradi. Bugun biz Ichki ishlar organlari xodimlarini fuqarolarning haqiqiy suyanchi, do‘sti, uning himoyachisi bo‘lgan institutga aylanishini xohlaymiz. Bu kabi normalar esa, Ichki ishlar organlariga nisbatan hurmat o‘rnini qo‘rquv, ishonsh o‘rnini shubha, sevgi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi. Shuning uchun bu normada biz juda hushyor bo‘lishimiz kerak. Deputatlarimizdan ham iltimos qilardimki, ovoz berayotganda mana shu normaning mohiyatini anglab yetgan holda munosabat bildiring”, deydi deputat Doniyor G‘aniyev.
Doniyor G‘aniyev ushbu masalada yolg‘izlanib qolmadi. Deputat Umidjon Jabborov ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan ushbu qo‘shimchani bosh-boshidanoq yoqlamaganini aytdi.
“Qonunning konseptual muhokamasida ham bu moddaga mutlaqo qarshi edim. Kecha ham muhokamalar o‘tdi. Bugun ham modda ustida yana o‘ylab ko‘rdim. Lekin bitta savol bor: huquqni muhofaza qiluvchi organlar deyilganda besh-oltita strukruta borligini bilamiz. Qonunning nomiga e’tibor beradigan bo‘lsak, yo‘l harakati tizimini takomillashtirish haqida gap ketyapti. Mantiqan, moddaning yo‘nalishi buni qamrab olmayapti. Gap bu yerda huquqnmi muhofaza qiluvchi organlar haqida... Moddaning ichida yo‘l harakati degan iboraning o‘zi yo‘q. Mayli, biz huquqni muhofaza qilish organlari ichida yo‘l harakatini tartibga soluvchi qism borligini inobatga olamiz. Lekin savol tug‘iladiki, talqinda boshqacha tushuncha bor: “xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida”.
Bu maqsadni qanday belgilash mumkin? Tasvirga olayotgan shaxs sudda ham “men yaxshi maqsadda olayotgan edim”, deyishi mumkin.
Ikkinchidan, umuman olganda, Prezidentimizning farmoni bor (“2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi), jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlangan. Aynan konsepsiyada shu masala bor edi, uning ijrosi ham bo‘lib qoladi. Unda ham xuddi shu masala qo‘yilgan, lekin unda “haqoratlash” degan masala yo‘q, “obro‘sizlantirish” turibdi. Shundan kelib chiqib, “haqorat qilish” qismini chiqarib tashlashni taklif qilaman”, deydi deputat Umidjon Jabborov.
Spiker Nurdinjon Ismoilov qonun bo‘yicha tushuntirish olish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovga so‘z berdi.
“Deputat Jabborovning taklifida jon bor. Haqiqatan ham ushbu modda bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bo‘ldi fraksiyalarda. Qo‘mitamizga kelib ham e’tirozlar bildirishdi. Haqiqatan, ayrim deputatlarimiz aytganidek, ochiqlik siyosatiga to‘g‘ri kelmaydigan bunday tahrirdagi normani kiritishimiz to‘g‘ri kelmasdi.
Avvalambor, loyihada “obro‘sizlantirish maqsadi” haqida deyilyapti, lekin bu bilan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan. Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi tasvirini shunchaki internetga joylashtirish taqiqlanmagan qonunlarda. Shuning uchun huquqbuzarlik harakatini aniq ko‘rsatish kerak. Buning uchun esa “obro‘sizlantirish» degan so‘zning tagida aynan qanday harakat yotganini aniqlashtirishimiz kerak.
Masalan, JK 192−moddasiga e’tibor qaratsak, “Raqobatchini obro‘sizlantirish” deganda “yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar” ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, loyihada “haqorat qilish” ham nazarda tutilyapti. Vaholanki, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida haqorat qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Shuning uchun, 195−2-moddan haqorat haqidagi qismini chiqarib tashlagan holda yangi tahrirda bayon etsak: “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni, ularni obro‘sizlantirish maqsadida, ya’ni yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni internet axborot tarmog‘iga joylashtirish”.
Mana shu harakatlar bo‘lsa obro‘sizlantirish bo‘ladi”, deydi Shirinov.
Parlament quyi palatasi raisi Ismoilov yana ushbu masalaga to‘xtalarkan, fraksiyalar ushbu moddasi ustida anchadan beri tortishayotganini aytdi.
“Har qanday odam tasvirga olishi mumkin. Haydovchi bo‘ladimi, boshqa uchinchi shaxsmi. Ya’ni, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi bilan oddiy fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda. Olaversin. Kerak bo‘lsa o‘zida saqlab qo‘ysin.
Mashinalarda videoregistratorlar bor. Olaversin, unda qolsin. Kerak bo‘lsa, sudda yoki boshqa joyda o‘z haqligini isbotlash uchun foydalansin, kerak bo‘ladigan bo‘lsa qayerga qo‘ysa, qo‘yaversin. Lekin bundan g‘araz maqsadda deymizmi, idorani obro‘sizlantiradigan holatda, yoki yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni qo‘ymasin. Hozir fotoshop kuchayib ketgan, rangini o‘zgartirib qo‘yadi, formasini o‘zgartirib qo‘yishi mumkin, kiyimini o‘zgartirib qo‘yishi, soqol qo‘yib qo‘yishi mumkin, gaplar qo‘shib qo‘yishi mumkin, gapirmagan gaplarini, sun’iy intellektga o‘xshagan narsalar chiqyapti, ovozini o‘xshatishi mumkin. Shu to‘g‘risida gap ketyapti.
To‘g‘risini aytganda, buni yana alohida tadqiq qilish kerak. Lekin bularning aytayotgani ham to‘g‘ri, agar obro‘sizlantirish uchun bundan foydalanadigan bo‘lsa, albatta, javobgarlik bo‘lishi kerak”, deydi spiker.
Deputat Doniyor G‘aniyev yana bahs-munozaralarga aralashdi va agar ushbu qonun qabul qilingudek bo‘lsa, bu huquq-tartibot organlari xodimlari uchun alohida imtiyoz bo‘lishi, kelgusida esa boshqa soha xodimlarini obro‘sizlantirganlik uchun ham shunday modda ishlab chiqishga to‘ri kelishini qo‘shimcha qildi.
“Hozir “haqorat qilish” boshqa moddada borligi uchun chiqarilib, tahrir qilinishi aytildi. Ammo baribir savol qolyapti, “yolg‘on axborot orqali obro‘sizlantirish” uchun ham alohida modda bor, 202−2-moddamiz (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi/Yolg‘on axborot tarqatish) bor. Undayam shaxsning qadr-qimmatini yolg‘on axborot tarqatish orqali obro‘sizlantirishga javobgarlik bor.
Hozir biz bitta moddani bitta ma’lum kasb egalariga ochadigan bo‘lsak, bu pretsedent yaratadi. Ertaga biz har bitta kasb egasiga ochib chiqamizmi? Shifokorni obro‘sizlantirgani uchun, pedagogni obro‘sizlantirgani uchun...
Bu yerda umumiy modda turibdi-ku, yolg‘on axborot orqali obro‘sizlantiryaptimi, javobgarlik bor. U huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi bo‘ladimi, doktor bo‘ladimi, davlat xizmatchisi bo‘ladimi, umuman davlat xizmatiga aloqasi yo‘q odam bo‘ladimi, o‘zi mavjud norma bilan bemalol javobgarlikka tortsa bo‘ladi. Bu bir.
Ikkinchisi, berilayotgan sanksiya ham juda og‘ir bo‘lyapti. Ko‘chadagi istalgan shaxsni, xoh davlat xizmatchisi bo‘lsin, xoh davlat xizmatchisi bo‘lmasin, uni OAV orqali obro‘sizlantirsangiz, 50 baravar jarima to‘laysiz, agar u huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi bo‘lsa, 15 sutkaga qamalishingiz ham mumkin.
Qiziq tomoni, hattoki tuhmat qilsangiz ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortilsangiz ham, qamoq emas, faqat jarima. Lekin huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini obro‘sizlantirish maqsadidagi video tarqab ketsa 15 sutka, tuhmat qilgandan ham ko‘ra og‘irroq jazo bo‘lib qolyapti”, deydi G‘aniyev.
Qonun qarshiliklarga qaramay, uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
LiveBarchasi