IIO xodimlari 20 yoshli yigitni “bagaj”da olib ketmoqchi bo‘ldimi? (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar o‘rtasida mojaro aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. QALAMPIR.UZ ixtiyoriga kelib tushgan videoda ushbu mojaro davomida IIO xodimlari 20 yoshli yigitni mashina yukxonasida olib ketishga urinayotgani aks etgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 16 avgust kuni taxminan soat 21:40 larda Olmazor tumani Qoraqamish 1/3 dahasida tungi xizmatga jalb qilingan profilaktika inspektori Sh.Qurbonov va patrul-post xizmati inspektori A.Mamadaliyevlar xizmat olib borayotgan vaqtida shubhali shaxslarni ko‘rgan. 3 nafar fuqaro yo‘l chetida to‘xtab turgan Malibu rusumli avtomashina oynasining qoraytirilgan plyonkasini shilayotgani sababli IIO xodimlari ulardan avtomashinaning egasi kimligini surishtirib, hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan. 

IIBBning bildirishicha, 2005 yilda tug‘ilgan U.M. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, avtomashina eshigini qulflab, hech qanday hujjatlarni taqdim etmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan va voqea joyidan qochishga harakat qilgan. IIO xodimlari tomonidan U.M. qo‘lga olingandan so‘ng avtomashinaning salon qismiga o‘tqizilgan va tuman IIO FMBga olib borilgan.

Tekshiruv jarayonida avtomashina U.M.ning akasi R.M.ga tegishli ekani aniqlangan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan U.M.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida IIO xodimlari hamda 15 va 10 yoshli bolalar o‘rtasida mojaro bo‘lgan edi. Bunga IIO xodimlari qidiruvda bo‘lgan shaxsga oid e’lonni yopishtirayotgan paytda qidiruvdagi shaxsning farzandi voqea joyiga kelib, e’lonlarni yulib tashlab, xodimlarga xalaqit qilgani sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent IIO xodimlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing