Andijonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 34ta korxona ishlamoqda
Jamiyat
−
19 aprel 2019
4996Andijon viloyatida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda 34 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ana shu korxonalar tomonidan o‘tgan yili 2 million 28 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi.
Jumladan, 2011 yilda Janubiy Koreyaning “Erae cs” LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O’zERAE Climate Control” O‘zbekiston - Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi ana shu yo‘nalishda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biridir.
Korxonada avtomobillar uchun sovutish radiatorlari, isitish, ventilyatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqariladi.
Korxonada dastlabki yillarda faqat “Cpark”, “Kobolt” avtomobillari uchun 10 turdagi mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, keyingi yillarda mahalliylashtirish dasturi asosida “GM Uzbekistan” korxonasida ishlab chiqarilayotgan boshqa rusumdagi avtomobillar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
“Korxonamizda o‘tgan yili 208 milliard 309 million so‘m miqdoridagi 436 ming donaga yaqin mahsulot ishlab chiqarildi. Hamkorlik kelishuviga asosan Rossiya davlatida ishlab chiqarilayotgan “UAZ Patriot” avtomobili uchun isitish radiatorlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz”, deydi qo‘shma korxona bosh direktori Nodirjon Ahmedov.
Korxonada Xalqaro ISO 9001 va ISO/TS 16949 standartlari talablariga javob beruvchi sifat menejmenti tizimi joriy etilganligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatliligi korxona mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda.
Korxona 2018 yilda Xorazm viloyatidagi Xozarasp erkin iqtisodiy zonasida o‘z filialini tashkil etdi. Mazkur filialda “Damas” avtomobillari uchun yiliga 60 ming dona radiator hamda havoni konditsionerlash modullari tayyorlanadi.
LiveBarchasi