Sherobodda yana bir yirik sement zavodi ishga tushadi
Jamiyat
−
27 may 2019
5800Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida Janubiy Koreyaning NCG Engineerring Co.ltd. kompaniyasi hamkorligida bunyod etilayotgan yangi sement zavodiga dastlabki tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Ko‘xitang tog‘lari bag‘ridagi noyob qurilish xom ashyosiga boy hududda barpo etilayotgan yirik sement zavodining loyiha qiymati 170 million AQSH dollari bo‘lib, sarmoyadorlar uni 2021 yilda foydalanishga topshirishni mo‘ljallamoqda. Korxona ishga tushishi bilan yiliga bir million tonna portlandsement ishlab chiqariladi. Asosiysi, tog‘li qishloqlarda yashaydigan to‘rt yuzdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi.
Mamlakatda Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida barpo etilgan qator yirik korxonalarda raqobatbardosh turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishga salmoqli ulush qo‘shmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatda xorijlik sarmoyadorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, imtiyozlar qo‘llanilayotgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yangi bosqichda davom ettirishga, yer usti va yer osti boyliklardan unumli foydalanishga xizmat qilmoqda. Janubiy Koreya investorlarining mazkur tumandagi yirik sement zaxirasiga katta qiziqish bildirgani bunga yaqqol dalildir. Yangi zavod Sherobodda ular bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan ikkinchi korxona bo‘lib, tumanda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston-Janubiy Koreya “Agroximat-Shingdong” qo‘shma korxonasida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda Ko‘xitang hududida “Olmalik kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qurilib, ishga tushirilgan zamonaviy korxonada ham yirik miqdorda portlandsement ishlab chiqarilmoqda. Ushbu zavodda tayyorlanayotgan qurilish uchun noyob mahsulotning bir qismi Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilinmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, koreyalik tadbirkorlar hamkorligida qad rostlayotgan navbatdagi korxona mahsulotining mahalliy bozordan ortiq qismini ham chet ellik buyurtmachilarga yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu nafaqat, janubdagi viloyat, balki mamlakat iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.
Zamonaviy yangi korxonaga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Janubiy Koreyaning NCG Engineerring Co.ltd. kompaniyasi bosh direktori Jang Il Kveon so‘zga chiqdi.
LiveBarchasi