Mirziyoyev Mun Chje In bilan bo‘lajak uchrashuvini muhokama qildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 2020
5599O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston rahbari suhbat avvalida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomidan Prezident Mun Chje Inni va do‘st koreys elini Koreya tashkil topgan kun va an’anaviy Chusok bayrami bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik maqomidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Koronavirus global miqyosda tarqalishining keng ko‘lamli O‘zbekiston-Koreya aloqalari uchun oqibatlarini kamaytirish maqsadida turli darajalarda faol hamkorlik va muntazam samarali muloqotni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, ushbu kasallikni profilaktika qilish va davolash bo‘yicha ilg‘or tajribani joriy etishga Koreya Respublikasi tomonidan ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar darajasida yaqindan o‘zaro muvofiqlashuvni, shu jumladan, davolash metodikasini takomillashtirish, vaksinalar ishlab chiqish va ulardan foydalanishni ta’minlash borasida davom ettirishga kelishib olindi.
Suhbat chog‘ida bo‘lajak oliy darajali uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Prezidentlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, o‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, zarur huquqiy bazani mustahkamlash va ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan 65 ta qo‘shma loyihani, eng avvalo, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi hozirgi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish yuzasidan o‘zaro muvofiqlashgan choralar qabul qilinadi.
Muloqot so‘ngida Prezidentlar ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalariga asoslangan serqirra munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni ilgari surish borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Suhbat an’anaviy samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.
LiveBarchasi